BOQIY MEROS SADOSI
2026-06-03 15:50:00 / Yangiliklar

«Qo‘shrabot navosi – 2026» respublika ko‘rik-tanlovida Navoiy viloyati baxshi va jirovlari yuqori mahorat namoyish etdi.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida o‘tgan ko‘rik-tanlov mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 50 nafardan ortiq mohir baxshi, oqin va jirov ijrochilarini bir davraga jamladi. Ikki kun davom etgan madaniy bahslarda mumtoz xalq dostonlari, ijtimoiy va falsafiy termalar jonli ijroda, dombira va qo‘biz singari milliy sozlar jo‘rligida yangradi.
Folklorshunos olimlar va san’at arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati ishtirokchilarning matn mukammalligi, soz chalish mahorati va ovoz imkoniyatlarini xolisona baholab bordi.
Tanlovda Navoiy viloyati sharafini himoya qilgan ishtirokchilar o‘zlarining qadimiy ijro yo‘nalishlari bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ular orasida Uchquduq tumanidagi “Qizilqum” madaniyat uyi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh do‘mbirachilar” to‘garagi ishtirokchisi Yeldos Abdukadirov ham o‘z iqtidorini namoyish etdi.
Umidli yosh baxshi Yeldos to‘garak rahbari Jani Alpamisovdan do‘mbiraning qadimiy ohanglari, tolg‘au va termalarni maromiga yetkazib ijro etish sir-asrorlarini o‘rganayotgan ko‘plab yoshlarning biri.
Tadbir yakunida barcha faol ishtirokchilar va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bu kabi tanlovlar ajdodlar merosini kelajak avlodga sof holida yetkazishga xizmat qilaveradi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
