EZGULIK VA SAXOVAT AYYOMI
2026-05-25 18:10:00 / Yangiliklar

Muqaddas Qurbon hayiti bayrami — qalblardagi mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada yuksaltiradigan ulug‘ ayyomdir. Ushbu qutlug‘ kunlarda ko‘makka muhtoj insonlar holidan xabar olish, ularning xonadonlariga bayram quvonchini olib kirish xalqimizning go‘zal qadriyatlaridan biri sanaladi.
Bu xayrli an’anani davom ettirgan holda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab keng qamrovli xayriya tadbirlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday xayriya karvoni Uchquduq tumanida ham yetib keldi.
Bayram munosabati bilan fond tomonidan 89 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda yolg‘iz uchquduqlik keksalar holidan xabar olinib, ularga kundalik hayot uchun eng zarur bo‘lgan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya to‘plamlari tarqatilmoqda.
E’tiborlisi, ushbu to‘plamlardan un, yog‘, shakar, guruch, makaron, choy va boshqa birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan.
Bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamiyatda mehr-shafqat muhitini yanada mustahkamlash va Qurbon hayitt shukuhini har bir xonadonga yetkazishdir.
Yordam olgan uchquduqlik xonadon egalari ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tashkilotchilarga hamda yurtimiz ravnaqiga duolar qilib, o‘z minnatdorchiliklarini bildirmoqdalar.
Bayram kunlarida amalga oshirilayotgan bunday ezgu amallar yurtimizda hech bir inson e’tibordan chetda emasligining, birdamlik va oliyjanoblikning yorqin namunasidir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
