OTALIQQA OLINGAN YOSHLAR BANDLIGI — KELAJAKKA QO‘YILGAN MUSTAHKAM POYDEVOR
2026-05-21 17:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlar siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘makka muhtoj, ishsiz yoki hayotda o‘z yo‘lini topishda qiynalayotgan yigit-qizlarni davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga «otaliqqa berish» tizimi o‘zining yuksak samarasini ko‘rsatmoqda.
Bu shunchaki rasmiy topshiriq emas, balki yoshlar taqdiriga daxldorlik va ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirishga qaratilgan hayotiy harakatdir.
Bu borada Uchquduq tumanida ham ijobiy sa’y-harakatlar olib borilib, yil boshidan beri 90 nafar ana shunday yoshlar 5 ta korxona va tashkilot rahbarlariga biriktirilgan edi.
Yoshlar tomonidan bandlik, imtiyozli kredit olish, profilaktik hisobdan chiqarishga doir 59 ta muammoli masalalari ro‘yxatga olingan.
Hozirda ularning 50 ta muammoli masalasi ijobiy hal etilgan.
Ana shunday yoshlardan biri Ozod Ramazanov, Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov otalig‘ig‘a biriktirilgan edi. Kuni-kecha uning masalasi ijobiy yechimini topib, “MUNIS” savdo majmuasida ish boshladi.
Bugun “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan tuman hokimi Uchqun Yelmuratov mazkur savdo majmuasida bo‘lib, otaliqdagi Ozod Ramazanov bilan uchrashdi va uning mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Hozirda u yordamchi menejer bo‘lib ishlab kelmoqda.
Suhbat davomida tuman rahbari Ozod Ramazanovning ish sharoiti, maoshi, jamoadagi muhit va kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi.
E’tiborlisi, savdo majmuasida yosh xodim uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Majmua rahbariyati tomonidan unga tajribali mutaxassislar biriktirilib, savdo va marketing sirlari o‘rgatilmoqda.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
