BURCH, JASORAT, MATONAT!
2026-05-08 11:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum muhtaram faxriylar!
Hurmatli tumandoshlar!
Avvalo barchangizni va albatta Vatan ozodligi, yurtimiz tinchligi uchun mehnat frontida fidoyilik ko‘rsatgan tabarruk nuroniylarimizni - Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yilligi bilan tumanimiz faollari hamda keng jamoatchiligi nomidan samimiy qutlayman.
Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yilligi hamda 9 may - Xotira va qadrlash kuni bayrami “Burch, jasorat, matonat!” bosh shiori ostida bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Uchquduq tumanidagi harbiy qismda “Burch, jasorat, matonat!” mavzusida harbiy-vatanparvarlik tadbiri, yoshlar uchun “ochiq eshiklar” kuni o‘tkazildi. O‘quv muassasalari, mahallalar va korxona-tashkilot yoshlari ishtirokida “Tinchlik – oliy ne’mat”, “Vatan himoyasi muqaddas burch!” mavzusida ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etildi.
Ana shunday shukuhli kunlarda 421 nafar Uchquduqning mard va jasur o‘g‘lonlari yelkama-yelka turib qonli janglarda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘z hissalarini qo‘shganligini alohida ta’kidlash o‘rinli. Afsuski, bu mudhish urushda ularning 172 nafari ayni navqiron yoshida halok bo‘lganini eslash nihoyatda og‘ir, albatta! Ana shu insonlar xotirasi oldida bosh egamiz. Ularning buyuk jasorati dillarimizda mangu yashaydi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugun buyuk ajdodlar izdoshi ekanligimizni chuqur his etgan holda, bu yorug‘ kunlarga yetish uchun qurbon bo‘lganlar ruhini shod, xotirasini yod etishni, moʻtabar keksalarimiz duosini olishni eng muhimi, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetishni, istiqlol bergan imkoniyatlarni asrab-avaylashni o‘zimizning muqaddas burchimiz ekanini hech qachon unutmasligimiz zarur.
Uchquduq tumani markazidagi «Xotira» xiyobonida Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi janglarda qatnashib, jasorat ko‘rsatgan va halok bo‘lgan 172 nafar uchquduqlik mard o‘g‘lonlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida peshlavha tashkil qilindi. Ularning ismi sharifi ushbu peshlavhaga o‘yib yozildi.
Hozirda ushbu maskan o‘quvchi-yoshlarning muqaddas bir go‘shasiga aylangani o‘sib kelayotgan yosh avloldning o‘z tarixiga ota-bobolarining jasoratiga bo‘lgan qiziqishlaridan dalolat beradi.
Aziz uchquduqliklar!
Bugun tumanimizda urush orti mehnat faxriysi Krevenyuk Anna Ivanovna el-yurt ardog‘ida istiqomat qilmoqda. Onaxonning og‘ir urush yillaridagi mashaqqatli mehnati va g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi bugun barcha uchquduqliklar uchun ibrat maktabi deyish mumkin.
Bugungi ayyomning yana bir muhim jihati shundaki, u bizni avvalambor safimizda bo‘lgan afsuski bir nafar front orti mehnat faxriysiga mehr-oqibat ko‘rsatib yashashga, muhtaram nuroniylarimizning hayotini mazmunli qilish hamda umrini uzaytirishga, ularga nafaqat mana shunday bayram shodiyonalarida, balki har kuni, har soatda g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatishga undaydi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Afg‘onistondagi jang maydonlarida Uchquduq tumanidan 50 nafarga yaqin mard va jasur yigitlari diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi janglarda ishtirok etishgan. Ularning 33 nafari bugun tumandoshlarimiz saflarida bo‘lishsa, yana 2 nafar jasur yigitlar mustaqillik yillarida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan.
Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish – bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik mustahkamlanib, ko‘pmillatli mamlakatimizda o‘zaro hurmat ham hamjihatlik tobora keng qaror topayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Aziz yurtdoshlar!
Yana bir bor fursatdan foydalanib, tumanimiz ahlini, muhtaram faxriylarimizni, hamyurtlarimizni bugungi qutlug‘ bayram bilan muborakbod etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilay-man. Doimo hayotimizga fayz berib, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib yurishingizni Yaratgandan so‘rayman.
Baxtimizga hamisha omon bo‘ling!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
