HECH BIR JINOYAT JAZOSIZ QOLMAYDI!
2026-04-22 11:35:00 / Yangiliklar
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi tomonidan navbatdagi sud jarayonida bir ayolning nafs quliga aylanib, firibgarlik yo‘liga kirib qolgani ko‘rib chiqildi.
Norgul (ismi o‘zgartirilgan) endigina 24 yoshni qarshilagan bo‘lsa-da, oson pul topishni o‘ziga “kasb” qilib olgan. U shu yoshgacha ikki marta sudlangan.
Sudlanuvchi Norgul xavfli residivist bo‘lgan holda, o‘ziga tegishli telefon raqami orqali “Telegram” messenjerida “Xitoy–Bishkek optom narsalari” nomli guruh tashkil etadi. U aslida o‘zida mavjud bo‘lmagan, ijtimoiy tarmoqlardan olingan turli xil ayollar va bolalar kiyim-kechaklari haqida yolg‘on ma’lumotlarni joylashtiradi.
Shu orqali u ayollar kiyimlarini sotib olish maqsadida murojaat qilgan fuqaro Saburaning ishonchiga kirib, unga bir juft ayollar kiyimi va bir juft oyoq kiyimini 380 000 so‘mga sotishini ma’lum qiladi. Natijada u Saburani ishontirib, o‘zining plastik kartasiga 380 000 so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan o‘tkazib oladi. Va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.
Bundan bexabar “mijoz” oylar o‘tsa-da, na pulini, na buyurtma qilgan tovarlarni ololmagach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Afsuski, bu ayolga aldangan fuqaro faqatgina Sabura emas edi.
Dastlab kiyim-kechaklarni “Temu” ilovasi orqali Xitoydan arzon narxlarda keltira boshlagan Norgul ma’lum muddat davomida xaridorlar orttiradi. Ammo mazkur ilovada ishlashda muammolar yuzaga kelgach, u bu faoliyatni to‘xtatadi. Shunga qaramasdan, buyurtmalar davom etayotganini ko‘rib, yana yolg‘on profillar orqali arzon tovarlar sotishini reklama qilishda davom etadi.
Biroq, bu yolg‘onlar kun kelib uning o‘zi uchun og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ldi.
Sud hukmiga ko‘ra, Norgul O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari — 16 480 000 (o‘n olti million to‘rt yuz sakson ming) so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shu o‘rinda ayrim yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchimiz: arzon narx har doim ham foyda keltiravermaydi. Internet orqali savdo-sotiqda, ayniqsa, tanimagan va ishonch hosil qilmagan shaxslar bilan aloqa qilishda hushyor bo‘ling. Bir so‘m bo‘lsa ham, bu sizning va oilangizning haqqi ekanini unutmang.
Ibodullo JUMAYeV, viloyat prokurori katta yordamchisi.
Baxriddin RIZAYeV, tuman prokurori o‘rinbosari.

