JASORATGA YO‘GʻRILGAN NAFOSAT
2026-04-22 11:25:00 / Yangiliklar
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi — intizom, hushyorlik va yuksak mas’uliyat talab etiladigan tizim. Bu jamoada faoliyat yuritayotgan 258 nafar xodim orasida atigi 17 nafar ayol borligi esa ular zimmasidagi vazifa naqadar salmoqli ekanligini ko‘rsatadi.
Son jihatidan kam bo‘lishiga qaramasdan, ayollar jamoada o‘z o‘rni va nufuziga ega. Ular xizmatda erkaklar bilan bir safda, barcha yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada bajarmoqdalar. Bunda, hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etayotir.
IHQO ayollari orasida ko‘p yillik halol mehnati, tizim rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Proza Maydabekova “NKMK faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Shuningdek, jamoada nafaqat malakali xodim, balki ibratli oila bekasi sifatida ham hurmat qozongan Jamila Kenjayevaning “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgani esa butun jamoani behad quvontirdi.
Ha, Jamila opaning hayot yo‘li oson kechmadi. Qiyinchiliklar uning sabrini sinovdan o‘tkazdi. Qadrdon jamoasi ma’nan qo‘llagani bois, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan chekinmadi. Farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratdi. Bugun ularning har biri o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lib, elu-yurtga munosib xizmat qilayotir.
Darvoqe, jamoada sport va ijtimoiy faollik ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, Dilafro‘z Qodirova, Dildora Nurova va Gulzabira Suleymenovalar kuni kecha o‘tkazilgan shashka sport musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar.
Opa-singillarimiz oilasi uchun borini beradi, barini qiladi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Tikuvchi qizimiz Gulzoda Haydarova faoliyatiga razm solsangiz “Hunar – hunardan unar” degan maqol bejizga aytilmaganligiga ishonch hosil qilasiz. U ishdan, farzandlar tarbiyasidan vaqt orttirib, hunar bilan shug‘ullanadi. Oila byudjetiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Ayniqsa, 35 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan Marina Karolkova 8 mart bayrami arafasida NKMK bosh direktorining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangani barchamizga faxr - iftixor bag‘ishladi.
Muxtasar aytganda, ham ishda, ham oilada fidoiylik ko‘rsatayotgan opa-singillarimiz jamiyatimizning faxri va tayanchidir. Ularning mehnati va yaratuvchanligi har doim e’zozga loyiq.
Rohila BAXANOVA,
IHQO xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

