“OLIMPIADA” O‘Z NIHOYASIGA YETDI NAVBAT VILOYAT BOSQICHIGA
2026-04-22 10:10:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan Uchquduq tumanida ham “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari doirasida o‘tkazilgan “Uchquduq tuman hokimi Olimpiadasi”ning yakuniy bosqichi hamda tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda tuman hokimi Uchqun Yelmuratov ishtirok etib, musobaqalarda faol qatnashgan yosh sportchilarni munosib taqdirladi. O‘z so‘zida u yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlab, ularning kelgusida yuksak marralarni zabt etishiga ishonch bildirdi.
Musobaqalarda jami 688 nafar sportchi ishtirok etgan. Ularning 500 nafari g‘olib va sovrindor sifatida e’tirof etildi. Gʻolib va sovrindor sportchilar hamda ularning murabbiylariga tuman hokimining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Natijalarga ko‘ra, 168 nafar ishtirokchi 1-o‘rinni, 166 nafar 2-o‘rinni va yana 166 nafari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida esa tuman sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egallab, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin 20-maktab jamoasiga, uchinchi o‘rin esa 3-maktab jamoalariga nasib etdi.
Ayniqsa, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar uchun bu musobaqa katta imkoniyat eshiklarini ochdi. Ular viloyat bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, endilikda tuman sharafini himoya qilishdek mas’uliyatli vazifani zimmalariga oldilar.
13 ta sport turidan tashkil etilgan “Uchquduq tuman hokimi Olimpiadasi” musobaqalari yoshlar uchun o‘z imkoniyatlarini chamalash va sinovdan o‘tkazish imkonini berganligi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.

