Onaning ko‘krak suti bola uchun malham!
2026-04-21 11:30:00 / Yangiliklar
Onaning ko‘krak suti bola uchun malham! Ayniqsa, ko‘zi yorigandan keyin kelgan dastlabki uch kunlik ona suti yanada shifobaxsh! Ona sutini emib ulg‘aygan bola kasallikka kam chalinadi. Immuniteti mustahkam bo‘ladi.
Masalan, ona sutida uglevodlar ko‘p. Ular tarkibiga sutni normal hazm bo‘lishiga yordam beruvchi alohida moddalar(V-laktoza) kiradi. Uning tarkibidagi vitaminlar va mineral tuzlar o‘suvchi organizm talabini to‘liq qondiradi. Unda kalsiy va fosfor yaxshi nisbatda bo‘ladi, shuning uchun ko‘krak suti emgan bolalar raxit xastaligi bilan kam kasallanadi.
Ayol sutida tuzlar, temir moddasi, mis, rux, kobalt va qon ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir qiluvchi boshqa mikroelementlar yetarli miqdorda bo‘ladi. Buning natijasida ko‘krak suti emgan bolalarda sun’iy ovqatlantiriladigan bolalarga qaraganda kamqonlik kasali kam uchraydi.
YUNISEFning ta’kidlashicha, planetamizda tug‘ilayotgan har ikki nafar bolaning biri dunyoga kelishining dastlabki daqiqasidan-oq ona sutidan mahrum ekan. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘krak suti bilan oziqlanish darajasi 100 foizga ko‘tarilsa, har yili dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan 820 ming bola va 20 ming ayolning hayotini saqlab qolish mumkin ekan.
Har bir bola hech bo‘lmaganda hayotining birinchi olti oyi davomida ko‘krak sutini emganida, aqliy qobiliyati oshishi hisobidan global iqtisodiyotga qo‘shimcha 300 milliard dollar daromad keltirgan bo‘lar ekan. Afsuski, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 77 millioni hayotining birinchi soatlaridanoq ona sutini ololmayapti.
Yosh onalar bunga e’tibor bering. O‘zim bolalarimni uch yoshgacha emizdim. Hozir kelinimga ham ta’kidlab turaman.
Uchquduq tuman "A.Navoiy" mfy otinoyisi M.Safarova
