Kiberxavfsizlikni ta’minlash muhim masala
2026-04-17 17:50:00 / Yangiliklar
Uchquduq tuman hokimligida kibermakonda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda korxona-tashkilot va muassasa rahbarlari, OAV xodimlari va blogerlar hamda huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirok etdi.
Targ‘ibot tadbirida ta’kidlandiki, kibermakonda (internet, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar) sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish mamlakatimizda dolzarb masalaga aylangan. So‘nggi uch yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 44,4 foizga yetib, deyarli har ikkita jinoyatning biri axborot texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Uchquduq tuman IIB kiberxavfsizlik bo‘yicha mutasaddilari tomonidan "Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi" – “Cyber-Week” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Hozirgi rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari asrida, hayotimizning barcha jabhalarida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalarni ko‘rishimiz mumkin. Ushbu soha rivojlanib borgani sari, bundan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortib bormoqda.
Virtual olamdagi jinoyatlar, xususan, hisob raqamlardagi pullarni o‘marish, plastikdan pul yechish, havolalar orqali adashib kirib qolish natijasida shaxsga tegishli barcha ma’lumotlarni egallab olish ko‘payayotgani har birimizdan hushyor bo‘lishni talab etadi. Bunda eng avvalo targ‘ibot tadbirlarining samaradorligini oshirish darkor.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishdan maqsad — aholining kibersavodxonligini oshirish va xavfsiz kibermakon yaratish orqali firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlarining oldini olishdan iborat.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
