NAVBATDAGI SESSIYA KUN TARTIBIDA MUHIM MASALALAR MUHOKAMA QILINDI
2026-04-17 17:50:00 / Yangiliklar
Bugun tuman hokimligi katta majlislar zalida Xalq deputatlari Uchquduq tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, kun tartibida muhokama qilingan masalalarga aloqador korxona-tashkilot va muassasa mutasaddilari ishtirok etdi.
Sessiya ishini tuman hokimi, tuman kengashi deputati Uchqun Yelmuratov boshqarib bordi.
Deputatlar majlis kun tartibida xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 20 oktyabrdagi “Aholi va hududlarni favqulotda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jarayonidan yangi bosqichga ko‘ratish to‘g‘risida”gi PF- 185-sonli Farmoni ijrosi, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 oktyabrdagi 665-sonli qaroriga muvofiq Uchquduq tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha 2026 yil dastlabki manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, korxona-tashkilot rahbarlarining aholi muammolari va murojaatlari bilan ishlash faoliyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Uchquduq tuman xalq qabulxonasi axboroti tinglandi. Tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 2025 yil hamda 2026 yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda Oliy Majlis Senatining 2026 yil 12 martdagi KQ-325-V-sonli qarori ijrosi yuzasidan Uchquduq tumani byudjetining qo‘shimcha manbalarini aniqlash hamda undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi muhim masalalar muhokamalar maydonida bo‘ldi.
Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N. Najmiddinova, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i I.Qo‘chqorov, tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Xasanov, Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi J.Aliyev, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Sattrov, iqtisod va moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari J.Bobomurodovlarning hisobot va axborotlari eshitildi.
Bundan tashqari, Uchquduq tuman hokimligida 2026 yilning o‘tgan davri davomida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash hamda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimi birinchi o‘rinbosari S.Hamroyevning hisoboti tinglandi.
Sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tuman Kengashi deputatlari L.Karimova, M. Ravshanova, G.Allanova, I.Raximov, U.Xudoyqulovlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Xalq deputatlari Uchquduq tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va ijroga qaratildi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
