Xalq qabulxonasida sayyor qabul o'tkazildi
2026-04-16 10:45:00 / Yangiliklar

Tuman hokimi Uchqun Yelmuratov hamda tuman prokurori Maqsud Ortiqov ishtirokida Xalq qabulxonasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Mazkur qabul davomida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularning muammolarini joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
Sayyor qabulda jami 10 nafar fuqaro bandlik masalalari yuzasidan murojaat qildi. Ularning 4 nafariga amalda yordam ko‘rsatilib, turli tashkilotlarga ishga joylashtirildi. Jumladan, Gulrux Nazarova maktabgacha ta’lim muassasasiga, To‘maris Xamidova esa 10-maktabga farroshlik vazifasiga ishga yo‘naltirildi.
Shuningdek, fuqaro Doston Shukurov o‘z murojaatida tuman Obodonlashtirish boshqarmasida 0,5 stavkada ishlayotganini bildirib, uni to‘liq 1 stavkaga o‘tkazishda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat mas’ullar tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
Qabul jarayonida nafaqat bandlik, balki infratuzilmaga oid masalalar ham ko‘tarildi. Xususan, Cho‘l guli ko‘chasi 22-“a” uyda yashovchi fuqarolar tomonidan hududni obodonlashtirish masalasi yuzasidan murojaat kelib tushdi. Mazkur holat joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida tuman hokimi ko‘p qavatli uylar atrofini betonlashtirish, hududni obodonlashtirish va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha Abay mahallasi shirkati mutasaddilariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
