“Parazitar kasalliklardan qanday saqlanamiz?”
2026-04-02 13:25:00 / Yangiliklar
Inson salomatligiga xavf soluvchi kasalliklar orasida parazitar xastaliklar alohida o‘rin tutadi. Ular ko‘zga ko‘rinmaydi, ammo organizmda yashab, oziq moddalardan foydalanadi va turli asoratlarga sabab bo‘ladi. Parazitlar asosan ichak, jigar, o‘pka, qon va hatto mushak to‘qimalarida yashashi mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, inson organizmida 200 dan ortiq turdagi parazitlar yashashi mumkin, shulardan askarida, ostritsa, lyamblya O’zbekiston hududida keng tarqalgan.
Parazitar kasalliklar ko‘pincha gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida kelib chiqadi. Iflos qo‘l, yaxshi yuvilmagan meva-sabzavot, chala pishgan go‘sht va baliq, sifatsiz ichimlik suvi asosiy xavf manbalaridir. Ayrim parazitlar uy hayvonlari orqali yoki tuproq bilan aloqa natijasida yuqadi.
Parazitlar organizmga tushgach, quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
o Doimiy holsizlik va tez charchash
o Ishtaha buzilishi yoki keskin ozish
o Qorin og‘rig‘i, ich ketishi yoki qabziyat
o Allergik toshmalar va teri qichishishi
o Tunda tish g‘ijirlatish (ayniqsa bolalarda)
o Kamqonlik va immunitet pasayishi
Ba’zi hollarda kasallik uzoq vaqt belgilar bermasligi ham mumkin. Shu bois muntazam tibbiy ko‘rik muhim ahamiyatga ega. Parazitar kasalliklardan himoyalanish uchun oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qilish zarur:
Ovqatdan oldin va hojatxonadan so‘ng qo‘llarni sovunlab yuvish.
Meva va sabzavotlarni yaxshilab tozalash.
Go‘sht va baliqni to‘liq pishirish.
Faqat toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish.
Bolalar tirnoqlarini kalta saqlash va gigiyenaga o‘rgatish.
Uy hayvonlarini muntazam veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish.
Kasallik har bir odamda individual tarzda kechadi, shuni hisobga olgan holda, qanday davolanish xulosasini olishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni unutmang! Parazitlar ko‘rinmas bo‘lsa-da, ularning ta’siri sezilarli. Ammo ogohlik, sog’lom turmush tarzi va gigiyena qoidalariga amal qilish orqali bu kasalliklarning oldini olish mumkin. Har birimiz sog‘lig‘imiz uchun mas’ulmiz. Sog‘lom jamiyat esa har bir oiladagi tozalik va e’tibordan boshlanadi.
Uchquduq tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi
