Amir Temur — faxrimiz va g‘ururimiz!
2026-04-02 08:40:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston tarixida xalqimiz qalbida chuqur iz qoldirgan buyuk shaxslar ko‘p. Ularning har biri o‘zining jasorati, donoligi va vatanparvarligi bilan millatimiz sha’nini yuksaltirgan. Ana shunday ulug‘ siymolar orasida Amir Temur nomi alohida hurmat va iftixor bilan tilga olinadi. U nafaqat buyuk sarkarda, balki dono davlat arbobi, adolatparvar hukmdor va bunyodkor shaxs sifatida tarix sahifalarida abadiy muhrlanib qolgan. Bugungi kunda buyuk ajdodlarimiz merosini ulug‘lash, ularning tarixiy o‘rnini keng targ‘ib etish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son qarori bu boradagi e’tiborning yorqin ifodasidir.
Mazkur qarorga muvofiq, aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda tashkil etilishi belgilangan. Bu esa yosh avlod qalbida milliy g‘urur, tarixga hurmat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Amir Temur 1336-yil 9-aprelda Shahrisabz yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. U barlos urug‘iga mansub bo‘lib, yoshligidan harbiy san’atni puxta egallagan. Bu haqda Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida Temurning jang olib borish uslubi va qo‘shinini tartibli boshqarish qobiliyati haqida batafsil ma’lumot beradi.
Amir Temur davlat boshqaruvida ham yuksak salohiyat ko‘rsatgan. U tomonidan yaratilgan “Temur tuzuklari” asari davlatni boshqarish, harbiy intizom va jamiyatni tartibga solish bo‘yicha muhim manba hisoblanadi. Ushbu asarda adolat, tartib-intizom va mas’uliyat kabi tamoyillar asosiy o‘rin egallaydi. Bugungi kunda ham bu asar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, yoshlar uchun hayotiy yo‘l-yo‘riq beruvchi, tarbiyaviy va ma’naviy dastur sifatida xizmat qilmoqda.
Amir Temur ilm-fan va madaniyat rivojiga ham katta e’tibor qaratgan. U olimlar, san’atkorlar va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlab, ilm-ma’rifat taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Ayniqsa, Samarqand shahri uning davrida yirik siyosiy, ma’naviy va ilmiy markazga aylangan. Bu yerda madrasalar, kutubxonalar va ilmiy majlislar faoliyat yuritgan. Samarqand Sharqning eng rivojlangan madaniy maskanlaridan biri sifatida shuhrat qozongan.
Bejizga Amir Temurga nisbat beriladigan: “Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin” degan hikmatli so‘zlar aytilmagan. Bu ibora uning bunyodkorlik salohiyati, me’morchilikka bergan e’tibori va davlat qudratini nafaqat janglarda, balki obodonchilik ishlarida ham namoyon etganini yaqqol ifodalaydi. Natijada uning avlodlari davrida, xususan Mirzo Ulug‘bek zamonida ilm-fan yanada ravnaq topdi.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki yuksak tafakkurli davlat arbobi va ma’naviyat homiysi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning jasorati, adolatparvarligi va ilm-fanga bergan e’tibori bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Amir Temur merosi yosh avlodni vatanparvarlik, qat’iyat va komillik sari yetaklaydi. Shu bois u bizning nafaqat tarixiy qahramonimiz, balki abadiy faxrimiz va g‘ururimiz bo‘lib qoladi.
J.Bulekbayeva
RMMM Uchquduq tuman bo‘linmasi rahbari
