YOSHLAR BANDLIGINI TA’MINLASH USTUVOR MASALA
2026-03-31 11:40:00 / Yangiliklar
Bugun yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Butun yurtimizda bo‘lgani kabi bu borada Uchquduq tumanida ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Hozirda Uchquduq tumanida 8339 nafar 14-30 yoshdagi yigit-qiz bo‘lib, 2025 yil davomida ular bilan olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, barcha yo‘nalishlarda, xususan, ularning bandligini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishildi.
Uchquduq tuman hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlashga qaratilgan zarur ishlar olib borildi.
2025 yilning noyabr-dekabr oylarida ishsiz yoshlar balansi shakllantirildi. Unga ko‘ra har bir mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini bo‘yicha “Yoshlar bandlik dastur” lari ishlab chiqilib, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. 121 nafar ishsiz yoshlar 13 nafar rahbarga biriktirib, ular bilan individual ishlar olib borildi. Hozirda jarayonda 22 nafar yosh qolmoqda.
Kuni kecha tuman hokimi Uchqun Yelmuratov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jarayonda qolayotgan yoshlarning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. 16 nafari ishtirok etib, 4 nafarining masalasi ijobiy hal etildi.
Xususan, “Do‘stlik” mahallasidan Zokirjon Xazratqulovga Shimoliy kon boshqarmasiga yo‘llanma berildi, “Yo‘lchilar” ovulidan Shalola Ro‘ziqulova va “Navoiy” mahallasidan Muhayyo Abdullayeva xususiy sektorga ishga joylashtirildi. Yig‘ilish davomida qolgan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab – quvvatlash” jamg‘armasi “Ko‘mak” loyihasidan Anvar To‘rayevga 130 mln. so‘m miqdorda ssuda ajratildi. “Abay” mahallasi “KELAJAK” yoshlar markazida “Formula & Fluency” o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkor 5 ta ish o‘rni yaratgan. Mazkur o‘quv markazida 200 nafardan ortiq yoshlar chet tillarini o‘rganmoqdalar.
“Iftixor” mahallasidan Gulchehra Bahromova ham o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra unga ham 130 mln. so‘m ssuda ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hujjatlar respublika markaziy apparatiga taqdim etilgan.
Uchquduq tumanida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettiriladi. Bu yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida hudud taraqqiyotiga xizmat qiladi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
