PAYSHANBA – “YOSHLAR KUNI”: Uchquduqda qanday o‘tkazilmoqda?!
2026-03-26 20:05:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, 24 fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbusga muvofiq, har payshanba kuni davlat idoralari va mahalliy hokimliklarda yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etib borilishi belgilangan edi.
Bugun mazkur yo‘nalishda Uchquduq tumanida olib borilayotgan ishlarning ahvoli muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi U.Yelmuratov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, korxona-tashkilot va muassasalar boshliqlari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
O‘rganishlar natijasida aniqlandiki, joylarda rahbarlar tomonidan yoshlar bilan ishlashda sustkashlik va sansolarlikka yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi. Asosiy e’tibor yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan ishlar lozim darajada olib borilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugun payshanba - «Yoshlar kuni»da Uchquduq tumanida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, aniq natijaga qaratilmagan ko‘plab korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlarining faoliyati tanqid qilindi. O‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan bir qancha mutasaddilar ogohlantirildi.
Quyidagi ustuvor vazifalar bergilandi:
Reja-grafik asosida payshanba kunlari sohaga mas’ul rahbarlar mahallalar, maktablar va texnikumlarga borib, o‘zlarining yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlarning muammolarini shaxsan eshitadi va ularni hal qilish choralarini ko‘radi.
Yosh tadbirkorlar, o‘z ishini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan yoshlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasida subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish davom ettiriladi.
Loyiha tashabbuskorlarini faol qo‘llab-quvvatlash ishlari qat’iy nazoratga olinadi.
Har payshanba kuni sport musobaqalari, kitobxonlik tadbirlari va yoshlarning ijodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ko‘rik-tanlovlar va “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etiladi.
Belilab berilgan ustuvor vazifalardan ko‘zlangan maqsad — yoshlar muammolarini mahallaning o‘zida, "vertikal tizim" asosida tezkor va samarali hal etishdan iboratdir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
