Uchquduq tuman hokimi Yelmuratov Uchqun Fayzullayevichning 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tumanimiz ayollariga yo‘llagan tabrigi
2026-03-06 19:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, aziz va moʻtabar onaxonlar!
Munis opa-singillar, dilbar qizlar!
Ona tabiat tobora chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkangan ayni shu fusunkor ayyomda sizlarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
So‘zimning boshida donishmandning bir naqlini keltirmoqchiman. U farzand ta’limi borasida maslahat so‘ragan kishiga shunday degan ekan: "Agar o‘g‘lingizni o‘qitsangiz, bir kishini o‘qitgan bo‘lasiz, qizingizni o‘qitsangiz, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasiz". Chunki buyuk kishilar ortida buyuk onalar yoki fidoyi rafiqalari turgan bo‘lishadi.
Binobarin, sohibqiron Amir Temur bobomiz ham o‘zining “Temur tuzuklari”da "Ayollarga imkon qadar iliq muomalada bo‘lishga harakat qildim", deb yozgan edi.
Haqiqatdan ham har bir jamiyatning obro‘-e’tibori uning xotin-qizlarga munosabati bilan belgilanadi.
Shuning uchun ham, hurmatli davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda ayollar qadrini oshirish mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bugun bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
Muhtaram Yurtboshimizning: “Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi”, degan so‘zlari siz ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat va e’tiborning amaliy namunasidir.
Darhaqiqat, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolaveradi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Davlatimiz rahbarining 2026 yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini barchamiz shodu-xurramlik va shukronalik bilan kutib oldik.
Muborak ramazon oyi “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida bo‘lib o‘tmoqda.
Bu yilgi rahmat va mag‘firat oyi aynan xotin-qizlar bayrami kunlariga to‘g‘ri kelayotganligida ham ulkan ma’no mujassam. Tabiatan, onalarimz, opa-singillarimiz mehru muruvvatli bo‘lib, farzandlari va yaqinlari baxtu-kamoli uchun borini va barini qilishga doimo tayyor turishadi.
Qadrli opa-singillar!
Hozirgi vaqtda tumanimizda rahbarlik lavozimlarida ishlab, ham yuklatilgan mas’uliyatli vazifani, ham farzandlar tarbiyasini, ham uy-ro‘zg‘or ishlarini o‘rniga qo‘yib – oila va jamiyatda rahbar ayol, mehribon ona maqomiga ega bo‘lgan ko‘plab opa-singillarimiz bor.
E’tiborlisi, mahalliy kengashda deputatlarimizning 35 foizini faol va fidoyi ayollar tashkil etadi. Shuningdek, ayollarning ulushi tibbiyotda – 88 foizni, ta’lim sohasida – 91 foizni, sanoat tarmoqlarida 16 foizni tashkil etadi. Kichik tadbirkorlik sub’yektlarining – 65-70 foizida opa-singillarimiz yetakchilik qilib kelmoqdalar.
Yana o‘nlab ayollarimiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Ular saflarida davlatimizning yuksak mukofoti medal va ordenlarga sazovor bo‘lgan iqtidorli va salohiyatli xotin-qizlarimizning borligi har bir uchquduqlikka faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, doimo tog‘dek tayanch bo‘lib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelayotganingiz uchun sizlarga va tumanimizning barcha xotin-qizlariga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman!.
Aziz va moʻtabar opa-singillar!
Ta’kidlash o‘rinliki, milliy davlatchiligimizning qadimiy va boy tarixida ayollarimiz hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak e’zoz-e’tibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik yurtdan va Yurtboshidan minnatdorchilik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishga ruhlantirmoqda.
Ayol zotining qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa, mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi, yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi. Prezidentimiz sa’y-harakati bilan yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy qiyin ahvoldagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ayollar daftari” mana shunday qo‘li gul va intiluvchan ayollarga imkoniyat yaratib bermoqda.
Bu borada Uchquduq tumanida ham o‘tgan 2025 yilda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 496 nafar xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilib, ularning 30 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. 28 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida mehnat qurollari sotib olib berildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 38 nafar xotin-qizga 823 mln. so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ehtiyojmand, boquvchisi bo‘lmagan 76 nafar ayollarga jami 514 mln. so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj, qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan opa-singillarimizga 17 mln. so‘m ijara kompensasining 50 foizi to‘lib berildi. Qariyb, 13 mln. so‘m mablag‘ farzandlarining shartnoma pullariga, 15 mln. so‘m esa davolanishlari uchun yo‘naltirildi.
Uchquduq tumanida 2025 yil davomida «Ayollar daftari» ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini hal etishga jami 560 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.
Bunday xayrli ishlar joriy yilda butunlay yangi bosqichda davom ettiriladi.
Bu kabi fakt va raqamlarga batafsil to‘xtalib o‘tishimning boisi, bugun ayollarning dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarini bartaraf etishga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotganligini yana bir bor ta’kidlashni istardim.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi kunda ayollarning jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda. Ana shunday uchquduqlik opa-singillarimizdan “Qulquduq” oilaviy shifokorlik punkti katta hamshirasi Jamila Kuanishova yuksak davlat mukofoti “Sog‘lom turmush” medali, tuman tibbiyot birlashmasi “Salomatlik va strategik rivojlanish” instituti hududiy bo‘limi bosh vrachi Gulnara Kojaxmetova - “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani bayram kunlarida barchani behad quvontirdi.
Ularni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etaman!
Muhtarama opa-singillar!
Siz, azizlarni sizlarning timsolingizda butun uchquduqlik ayollarni bahor va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklayman!
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchdik-xotirjamlik, fayzu-baraka tilayman.
Umringiz uzun, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!
Doimo oilangiz, farzandu nevaralaringiz va yaqinlaringiz ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ayyomingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun raxmat!.
