2027-yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lib birinchi marta nikohdan o‘tgan yosh oilalarga davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi. Bu haqda prezident farmonida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, bunday oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, ularga ajratiladigan subsidiya, ssuda va grantlar amaldagi miqdorlarga nisbatan 1,5 baravar oshiriladi. Mazkur moliyaviy ko‘maklar oila a’zolarining daromadini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki murakkab ijtimoiy vaziyatdan chiqishiga ko‘maklashishga qaratiladi.
Shuningdek, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilar uchun ham rag‘bat mexanizmi joriy etiladi. Ular nikohni qayd etishda to‘lanadigan davlat bojidan ozod qilinadi. Bu orqali oilaviy munosabatlarda huquqiy madaniyatni oshirish va mas’uliyatni kuchaytirish maqsad qilingan.
Farmonda erta nikohlarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha choralar ham nazarda tutilgan. Jumladan, nikoh yoshi va nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jarimalarning bir qismi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab undirilgan jarimaning 15 foizi xabar beruvchilarga beriladi.
Bundan tashqari, homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga oliy ta’limni davom ettirish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratiladi. 2026—2027-o‘quv yilidan boshlab ular fanlar farqini topshirish sharti bilan o‘qishni tiklashi, shuningdek, akademik ta’til davrida masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Hujjat bilan yoshlarning ongli ravishda oila qurishini qo‘llab-quvvatlash, erta nikohlarning oldini olish hamda barqaror va mustahkam oila institutini shakllantirish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Farmon ijrosi yuzasidan mas’ul idoralarga aniq muddat va vazifalar yuklatildi.
