HUDUD TARAQQIYOTIDA YANGI BOSQICH
2026-02-25 10:20:00 / Yangiliklar
HUDUD TARAQQIYOTIDA YANGI BOSQICH
2026 yil 11 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026 yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–58-sonli qarori viloyatimiz hayotida muhim dasturiy hujjat sifatida yangi sahifa ochdi. Mazkur qaror nafaqat umumviloyat miqyosida, balki har bir shahar, tuman, jumladan, Uchquduq uchun ham aniq maqsad va manzilli vazifalarni belgilab berdi.
Uchquduq tumani uchun belgilangan loyihalar qamrovi, ko‘lami va mazmuni jihatidan hududni mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Qishloq xo‘jaligi — iqtisodiy o‘sish drayveri
Qarorga muvofiq, 2026 yilda viloyat qishloq xo‘jaligida 5,7 foizlik o‘sishni ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Uchquduq tumanida esa qishloq xo‘jaligi sohasida 104,6 foizlik o‘sish ko‘zda tutilgani tuman iqtisodiyotida ushbu tarmoq yetakchi o‘rin tutishini yaqqol namoyon etadi.
Asosiy yo‘nalishlar:
chorvachilikni jadal rivojlantirish;
naslli chorva mollarini chet davlatlardan olib kelish;
yaylov yerlaridan samarali foydalanish;
yaylovlarda suv ta’minotini yaxshilash va tik quduqlar qazish.
Ayniqsa, Mo‘g‘ulistondan 5 ming bosh zotli mayda shoxli mol olib kelish rejasi soha salohiyatini oshirish, mahsuldorlikni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Juzquduq, Bozdun, Oltintov-3, Feruzatosh, Janubiy Qirqquduq, Kokpatas-2 hududlaridagi ayrim yer maydonlarini sanoat va infratuzilma maqsadlariga o‘tkazish orqali investisiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi. Bu esa tumanda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga zamin bo‘ladi.
Suv va irrigatsiya: hayot manbai modernizatsiya qilinadi
2026–2028 yillarda Navoiy va Uchquduq tumani markazida irrigatsiya va sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish belgilangan. Bu ko‘p yillik daraxtlarni suv bilan barqaror ta’minlash, yer unumdorligini oshirish va ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ichimlik suvi ta’minoti barqarorligini ta’minlash, suv sifatini yaxshilash, eski quvur va nasos uskunalarini yangilash qolaversa aholi salomatligini muhofaza qilishda bevosita ta’sir qiladigan suv tarmoqlarini yangilash ham muhim ahamiyatga ega sanaladi. Loyihaga ko‘ra “Mingbuloq” OFYda 1960–1980 yillarda qurilgan suv olish inshootini rekonstruksiya qilish, 78 km yangi ichimlik suv tarmog‘ini tortish rejalashtirilgan. Bu esa aholining turmush sifati yaxshilanishi demakdir.
Energetika va issiqlik ta’minoti: barqaror infratuzilma
1962 yilda qurilgan 35/6 kVli “GPP-22” va “GPP-23” podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish vazifasi qo‘yilganligi tumanda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, sanoat va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish imkonini yaratadi.
Issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash doirasida:
*markaziy qozonxonani rekonstruksiya qilish;
*20 km issiqlik tarmog‘ini PPU quvurlarga almashtirish;
*426 ta ko‘p qavatli uy va 20 ta ijtimoiy ob’yektga individual issiqlik punktlari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bu esa isitish tizimini raqamlashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar 2027–2028 yillarda olib boriladi.
Transport — taraqqiyot tomiri
Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, aholining erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash hamda transport infratuzilmasini zamon talablari darajasiga olib chiqish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda tumanda yo‘l-transport sohasini tubdan yangilashga qaratilgan qator yirik loyihalar belgilangan.
Jumladan, A-379 “Navoiy–Uchquduq (Zarafshon orqali)” avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Loyihani amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish rejalashtirilgani uning strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Navoiy–Zarafshon–Uchquduq yo‘nalishida elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham hudud rivojida yangi bosqichni boshlab beradi. Mazkur tashabbus:
*aholining viloyat markaziga borib-kelish imkoniyatini yengillashtiradi;
*yo‘l xarajatlarini kamaytiradi;
*transport xavfsizligini oshiradi;
*ekologik toza va zamonaviy transport tizimini shakllantiradi.
Bunday keng ko‘lamli infratuzilmaviy o‘zgarishlar Uchquduq tumanining investisiyaviy jozibadorligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Sanoat va tabiiy boyliklar — qiyosiy ustunlik
Tumanda 45 ta faol (894 gektar) va 20 ta bo‘sh (2,8 ming gektar) konlar mavjud bo‘lib, marmar, granit, kaolin kabi yerosti boyliklari ishlab chiqarish salohiyatini oshirish imkonini beradi.
14 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyat yuritishi qurilish materiallari, mebel va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Turizm — yangi iqtisodiy imkoniyat
Tumanda muqaddas qadamjolar - Qanarbay ata, Yerler ata, Beder ata ziyoratgohlari hamda “Tosh o‘rmon” yodgorligiga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash va turistik marshrutlarga kiritish orqali turizmni rivojlantirish imkoni mavjud.
Sohil bo‘yida istirohat bog‘i, mehmonxona va umumiy ovqatlanish ob’yektlarini tashkil etish tashabbuslari esa xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga turtki beradi.
Ijtimoiy soha — inson qadri ustuvor
Qarorda ijtimoiy yo‘nalishlarga ham katta e’tibor qaratilgan:
*3 ta oilaviy nodavlat MTM tashkil etilib, qamrovni 95 foizga yetkazish;
*ijtimoiy reyestrdagi 49 nafar bolani qo‘shimcha ta’limga jalb qilish;
*10 934 nafar 40 yoshdan katta aholini skriningdan o‘tkazish;
*70 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroni ish bilan ta’minlash;
*14 000 nafar yoshni “Besh tashabbus olimpiadasi”ga jalb qilish;
*35 nafar fuqaroni xorijiy til va kasb-hunar kurslarida o‘qitish.
O‘z navbatida bu kabi chora-tadbirlar ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va yoshlar kelajagini mustahkamlashga xizmat qiladi.
PQ–58-sonli qaror Uchquduq tumani uchun oddiy reja emas — bu strategik rivojlanish dasturidir. Infratuzilmani yangilash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sanoat va turizmni kengaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan vazifalar tumanni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Eng muhimi, mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar amalga oshirilishi Uchquduqni barqaror, raqobatbardosh va zamonaviy hududga aylantirishga turtki bo‘ladi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
