Ro'yxatga oilish jarayonlari qanday kechmoqda?
2026-02-18 09:25:00 / Yangiliklar
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jami xonadonlarning 95 foizida istiqomat qiluvchi aholi ro‘yxatga olish jarayonlarida faol qatnashdi.
Bu — juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, fuqarolarimiz faollik va mas’uliyat bilan yondashayotganining yaqqol ifodasidir.
Ikkinchi bosqichda Ayni paytda ro‘yxatga oluvchilar — mahalla yettiligi vakillari tomonidan xonadonma-xonadon yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali elektron tizimga kiritilmoqda. Axborot platformasi barqaror ishlamoqda, ma’lumotlar real vaqt rejimida qabul qilinmoqda.
Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilar faoliyati GPS orqali kuzatib borilayotgani jarayonning ochiq va shaffof tashkil etilganini ta’minlamoqda. Bu har bir xonadonga haqiqatan ham tashrif buyurilayotganini tasdiqlaydi.
Savol: Ro‘yxatga olish natijalari nimaga xizmat qiladi?
Javob: Ro‘yxatga olish jarayonlarida har bir xonadon va har bir shaxs bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar kelgusi yillarda qabul qilinadigan ijtimoiy-iqtisodiy qarorlar uchun asos bo‘ladi.
Xususan, ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotlar:
– mahalla kesimida aholi soni, yosh va jins tarkibini aniq belgilashga;
– maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda tibbiyot muassasalariga bo‘lgan real ehtiyojni hisoblashga;
– yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini ilmiy asosda rejalashtirishga;
– tomorqa yerlari, chorvachilik, ekin maydonlari va qishloq xo‘jaligi faoliyati bo‘yicha manzilli davlat dasturlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ya’ni, ertangi qarorlar — bugun siz berayotgan aniq va ishonchli ma’lumotlarga tayanadi. Shu bois har bir javob katta ahamiyatga ega.
Savol: Ayrim xonadonlarda yashovchi fuqarolar ro‘yxatga oluvchilar borganida eshikni ochishmayapti. Bu holatga qanday munosabat bildirish kerak?
Javob: Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — mamlakat taraqqiyotini aniq raqamlar asosida rejalashtirishga xizmat qiladigan muhim umummilliy tadbirdir. Uning samarasi, eng avvalo, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarning to‘g‘ri va to‘liqligiga bog‘liq.
Ayrim hollarda ro‘yxatga oluvchilar borganida eshik ochilmasligi kuzatilmoqda. Bu fuqaroning uyda bo‘lmasligi yoki ishonchsizlik sababli yuzaga kelishi mumkin. Shu bilan birga, har bir shaxsning ishtirok etishi juda muhim.
Agar ro‘yxatga oluvchi kelgan paytda eshik ochilmagan bo‘lsa, fuqarolardan o‘zlari mahallaga murojaat qilishlari yoki ro‘yxatga oluvchi bilan qayta bog‘lanishlarini so‘raymiz. Chunki har bir fuqaroning ma’lumoti nafaqat davlat uchun, balki o‘zi va oilasi uchun ham ahamiyatlidir.
Ro‘yxatga olish jarayonida savollarga xolis va aniq javob berish, xonadonda amalda yashab turgan barcha shaxslarni to‘liq ko‘rsatish, shuningdek mavjud qishloq xo‘jaligi yer maydonlari, yetishtirilayotgan mahsulotlar, chorva va parrandalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirmasdan taqdim etish juda muhim.
Bu, eng avvalo, siz, farzandlaringiz, oilangiz kelajagini, mahallangiz va tumaningiz rivojini belgilashda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun zarurdir.
Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatga oluvchilar maxsus beydjikka ega. Agar shubha tug‘ilsa, beydjikdagi QR-kod orqali tekshirish yoki 1851 qisqa raqami orqali koll-markazga murojaat qilish mumkin.
Yana bir bor ta’kidlaymiz: taqdim etilgan barcha ma’lumotlar qat’iy maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi.
