TELEFON TARBIYACHIMI? YOKI BOLALAR QO‘LIDAGI YASHIRIN XAVF
2026-02-15 16:40:00 / Yangiliklar
Muhokama uchun mavzu
Bugun deyarli har bir oilada telefon bor. Kattalar ishi, yoshlar muloqoti, bolalarning o‘yini ham shu kichik ekran orqali amalga oshyapti. Smartfon hayotimizni yengillashtirdi, ammo u bolalar tarbiyasida qanday rol o‘ynayapti? Telefon tarbiyachiga aylandimi yoki bola qo‘lidagi yangi xavfga?
So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab raqamli qurilmalardan foydalanish ko‘rsatkichlari keskin oshdi. Turli xalqaro tahlillarga ko‘ra, dunyo aholisining katta qismida shaxsiy smartfon bor, bolalar esa raqamli muhitga juda erta kirib kelmoqda. O‘zbekistonda ham har bir oilada bir emas, bir necha telefon borligi odatiy holga aylandi. Bu esa bolaning bolaligi ekran orqali kechayotganini ko‘rsatadi.
Avvallari bola ko‘chada o‘ynab, tengdoshlari bilan tortishib-yarashib katta bo‘lar edi. Bugun esa u jim o‘tirib, ekranga tikiladi. Ko‘p ota-onalar uchun telefon bolani tinchlantiruvchi, chalg‘ituvchi «qutqaruvchi vosita»ga aylangan. Bolaning yig‘lashi, injiqligi yoki zerikishini bosishning eng oson yo‘li — telefon berish. Ammo shu osonlik ortida katta muammolar yashirinayotgani tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda.
Mutaxassislar bolaning erta yoshdan ekranga bog‘lanib qolishi uning nutqi, tafakkuri va ijtimoiy ko‘nikmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashmoqda. Ekran bolaga tayyor tasvir va tayyor zavqni beradi, ammo fikrlash, savol berish, jonli muloqot qilish imkonini kamaytiradi. Natijada ayrim bolalarda so‘z boyligi sekin rivojlanadi, diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashadi.
Raqamli muhitning yana bir xavfi — bolada tez zavqqa o‘rganish odatining shakllanishidir. Telefonda har narsa tez va oson: o‘yin yutiladi, video almashtiriladi, zerikishga joy qolmaydi. Real hayot esa sabr, kutilmagan qiyinchiliklar va muloqot talab qiladi. Shu bois ekranga ko‘p bog‘langan bola jahldor, toqatsiz bo‘lib qolishi, cheklovlarga qarshi qattiq reaksiya bildirishi mumkin.
Bugun nafaqat bolalar, balki kattalar orasida ham telefonisiz qolishdan qo‘rqish, doim ekranni tekshirish odati kuchaymoqda. Bu holat insonning kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uyqu buzilishi, ruhiy bezovtalik, ijtimoiy munosabatlar zaiflashishiga olib kelmoqda. Bunday muhitda o‘sib kelayotgan bola uchun telefon tabiiy «hayot tarzi» sifatida qabul qilina boshlaydi.
Shu bilan birga, telefonni mutlaqo yomonlashtirish ham to‘g‘ri emas. To‘g‘ri tanlangan kontent, cheklangan vaqt va kattalar nazorati ostida gadjet bola uchun ma’lum ma’noda foydali bo‘lishi mumkin. Ta’limiy videolar, interaktiv dasturlar, til o‘rganish ilovalari bolaning qiziqishini oshirishi ehtimoldan xoli emas. Muammo telefonning o‘zida emas, balki uning qanday va qancha ishlatilayotganida.
Asosiy xato — telefonni tarbiyachi o‘rniga qo‘yishdir. Ekran bolaga e’tibor, mehr va jonli muloqot o‘rnini bosa olmaydi. Bolaning hissiyotlari, qo‘rquvlari, xursandchiligi ota-ona bilan suhbat orqali shakllanadi. Agar bola erta yoshdanoq barcha ehtiyojlarini ekran orqali qondirishga o‘rgansa, u real munosabatlarga qiynalib kirishadi.
Mutaxassislar bola hayotida gadjetdan foydalanishni taqiqlash emas, balki unga aniq chegara qo‘yish muhimligini ta’kidlaydi. Telefon ovqat paytida, uyqudan oldin yoki jonli muloqot o‘rniga ishlatilmasligi kerak. Eng muhimi, kattalarning o‘zi ham namuna bo‘lishi shart. Doim telefonga qarab turgan ota-onaning boladan boshqacha xulq kutishi xato aslida.
Kattalar unutmang telefon bolaga tarbiyachi bo‘la olmaydi. U faqat vosita, xolos. Tarbiya esa jonli munosabat, vaqt ajratish, bolaning dunyosiga qiziqish orqali shakllanadi. Agar bu bo‘shliqni ekran to‘ldirsa, kelajakda jamiyatga befarq, muloqotga qiynaladigan avlod shakllanishi xavfi ortib boradi.
BOLAGA TELEFON QACHON VA QANCHA VAQTGA BERILISHI KERAK?
Bolalarni telefondan butunlay uzib qo‘yish deyarli imkonsiz. Ota onalardan: “Bolalarga telefon berish kerakmi yo yo‘qmi?” deb so‘rash befoyda, chunki javob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har bir ota-ona bilib yoki bilmasdan farzandini raqamli muhitga olib kiradi, baribir bir kuni bola gadjetni qo‘liga oladi va undan foydalanadi. Shu bois bugungi savol “bolaga telefon berish kerakmi?” emas, balki “qachon, qanday va qancha vaqtga berish kerak?” degan savolga borib taqaladi. Noto‘g‘ri vaqtda va nazoratsiz berilgan gadjet bolaning odatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tartibda esa telefon foydali vositaga aylanishi mumkin.
Bolaga necha yoshdan telefon berish mumkin?
Mutaxassislar juda kichik yoshda gadjetni bolaning qo‘liga doimiy ravishda berishni ma’qullamaydi. Ilk bolalik davrida bolaga ekrandan ko‘ra qo‘l bilan ushlab ko‘rish, chizish, yasash, o‘ynash muhimroq. Shuning uchun kamida 4–5 yoshgacha telefon bola uchun asosiy “ovunchoq” bo‘lib qolmasligi kerak. Bu davrda gadjet o‘rnini jonli o‘yinlar va ota-ona bilan muloqot bosishi maqsadga muvofiq.
Bolalar telefondan qancha vaqt foydalanishi mumkin?
Telefonga ajratiladigan vaqt bolaning yoshiga qarab cheklanishi kerak: 3 yoshgacha ekran bilan aloqa imkon qadar kam bo‘lishi, 3–5 yoshda kunlik 30–40 daqiqa, 6–9 yoshda 1 soatgacha, 10–13 yoshda esa 1–2 soat atrofida bo‘lishi tavsiya etiladi. O‘smirlar uchun esa vaqtdan ko‘ra mazmun muhimroq: telefon o‘qish, jismoniy faollik va jonli muloqotni siqib chiqarmasligi shart. Aks holda gadjet kun tartibining markaziga aylanib qoladi.
Telefon bolani tinchlantirish vositasi bo‘lib qolmasligi kerak
Ko‘p hollarda telefon bolani tinchlantirish, ovuntirish yoki jim o‘tirtirish uchun beriladi. Bu qisqa muddatda qulay yechimdek tuyuladi, ammo bola shu tarzda har qanday zerikish yoki xafalikni ekran orqali “bosishga” o‘rganib qoladi. Keyin esa cheklov qo‘yilganda jahl, yig‘i va qarshilik paydo bo‘ladi. Shuning uchun gadjet bola hissiyotlarini boshqarish vositasiga aylanmasligi kerak.
Kontent va nazorat masalasi
Bolaga berilgan telefonda nima ko‘rilayotgani qancha vaqt o‘tirilayotganidan kam ahamiyatli emas. Ta’limiy o‘yinlar, ertaklar va ma’rifatli videolar foydali bo‘lishi mumkin, ammo zo‘ravonlikka boy o‘yinlar, qo‘rqituvchi videolar va agressiv kontent bolaning dunyoqarashiga salbiy ta’sir qiladi. Kichik yoshda ijtimoiy tarmoqlar ham bola ruhiyati uchun og‘ir muhit hisoblanadi. Shu bois nazoratsiz ekran — xavfsiz ekran degani emas.
Qoidalar qayerdan boshlanadi?
Telefonga oid qoidalar bolaga berilgan ilk kunlardanoq kelishib olinishi kerak: ovqat payti va uxlashdan oldin ekran yo‘q, o‘yinlar vazifalardan keyin, vaqt aniq belgilanadi. Eng muhimi, bu qoidalarga kattalarning o‘zi ham amal qilishi shart. Aks holda boladan talab qilish samara bermaydi.
Bolaga telefon berish masalasi taqiq yoki erkinlik o‘rtasidagi kurash emas. Bu — bolaning hayotida gadjet qay darajada o‘rin egallayotganini ongli ravishda boshqarish masalasi. To‘g‘ri vaqt, aniq me’yor, mos kontent va ota-onaning ishtirokida telefon bola uchun xavf emas, vosita bo‘lishi mumkin. Ammo ekran tarbiyachiga aylanib qolsa, uning o‘rnini hech qanday gadjet to‘ldira olmaydi.
