Ro'yxatga olish davom etmoqda
2026-02-06 10:45:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!
Bugun mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining an’anaviy — xonadonma-xonadon yurib ma’lumot yig‘ish bosqichi izchil davom etmoqda. Dastlabki ikki kunda 44,6 ming xonadonlar ro‘yxatga olindi.
Jarayon belgilangan reja asosida tashkil etilgan bo‘lib, ro‘yxatga oluvchilar mahallalar kesimida fuqarolarning yashash manzillariga borgan holda savolnomalarni elektron shaklda to‘ldirmoqda. Barcha ma’lumotlar planshet qurilmalari orqali yagona axborot tizimiga kiritilmoqda.
Ayni vaqtda qo‘llanilayotgan maxsus axborot platformasi barqaror ishlamoqda va to‘plangan ma’lumotlar xavfsiz saqlanmoqda. Ro‘yxatga oluvchilarning harakatlari GPS texnologiyasi orqali nazorat qilinayotgani jarayonning shaffofligi va xolisligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Agar xonadoningizga kelgan ro‘yxatga oluvchi sizga notanish yoki ishonchsiz tuyulsa, undan xizmat beydjigini ko‘rsatishini so‘rashingiz mumkin. Beydjikdagi QR-kod orqali uning ma’lumotlarini tekshirish yoki 1851 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.
Ro‘yxatga olish jarayonlarida yuzaga kelayotgan ayrim savollar bo‘yicha izoh va tushuntirishlar berib borilmoqda.
Savol: Nega aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichiga “mahalla yettiligi” to‘liq jalb etilmadi? Ayrim xodimlarga login va parol berilmadi? Ularning rag‘batlantirilishi qanday bo‘ladi?
Javob: Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichida “mahalla yettiligi” tizimidagi barcha a’zolar belgilangan tartibda jarayonga jalb etilgan. Biroq har bir hududda ro‘yxatga olish ishlari onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan aholi soni, xonadonlar zichligi hamda amaliy ehtiyojdan kelib chiqqan holda tashkil etilgan.
Shu bois, ayrim xodimlarga login va parol biriktirilmagan. Login va parollar faqat bevosita savolnomalarni to‘ldiradigan ro‘yxatga oluvchilarga shaxsan beriladi. Bu ma’lumotlar xavfsizligi, javobgarlik va jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, ro‘yxatga olish yakunlariga ko‘ra, jarayonda faol ishtirok etgan, sifatli va aniq ish tashkil etgan “mahalla yettiligi” a’zolari belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi. Rag‘batlantirishda bajarilgan ish hajmi, sifat ko‘rsatkichlari va belgilangan qoidalarga rioya etilishi asosiy mezon hisoblanadi.
Savol: Ro‘yxatga oluvchilar pul yoki SMS-kod so‘rashlari mumkinmi?
Javob: Yo‘q. Ro‘yxatga oluvchilar hech qachon pul, SMS-kod yoki bankka oid ma’lumotlarni so‘ramaydi. Plastik karta raqami, bank hisob raqami, parollar yoki boshqa moliyaviy ma’lumotlarni so‘rash taqiqlanadi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni mutlaqo bepul bo‘lib, fuqarolardan hech qanday to‘lov talab qilinmaydi.
Agar kimdir o‘zini ro‘yxatga oluvchi deb tanishtirib, pul yoki SMS-kod so‘rasa, bu firibgarlik bo‘lishi mumkin. Bunday holatda darhol tegishli idoralarga xabar berishni so‘raymiz.
Eslatib o‘tamiz, savolnomadagi 71 ta savol xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan va ochiq manbalarda e’lon qilingan. Shu bois, savollarning mazmuni bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri doirasida xonadoningizga kelgan ro‘yxatga oluvchi - mahalla yettiligi vakiliga savolnomada so‘ralgan barcha ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq taqdim etishingizni so‘raymiz.
Siz bergan ma’lumotlar aholining yashash sharoiti, qishloq xo‘jaligi holati hamda hududlar ehtiyojini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Aynan shu ma’lumotlar asosida kelgusida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash choralari va davlat dasturlari rejalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatga olish jarayonida taqdim etilgan barcha ma’lumotlar faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi, soliq yoki nazorat idoralariga berilmaydi hamda qonunchilikka muvofiq ravishda maxfiy saqlanadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
