Ro'yxatga olish davom etadi
2026-02-05 10:50:00 / Yangiliklar
Hozirda mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi — an’anaviy, ya’ni xonadonma-xonadon yurib ma’lumot to‘plash jarayonlari davom etmoqda.
Mazkur bosqichning dastlabki kunida 11 mingdan ortiq xonadon qamrab olinib, aholiga oid ma’lumotlar planshet qurilmalari orqali elektron axborot tizimiga kiritildi.
Ayni paytda ro‘yxatga olish uchun joriy etilgan maxsus axborot platformasi barqaror ishlamoqda. Savolnomalar registratorlar — mahalla vakillari tomonidan aholi xonadonlariga bevosita borilgan holda to‘ldirilib, barcha ma’lumotlar elektron shaklda axborot bazasiga kiritilmoqda.
Ro‘yxatga oluvchilar, eng avvalo, onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar, shuningdek, birinchi bosqichda savolnomani to‘liq yoki to‘g‘ri to‘ldirmagan aholi xonadonlariga tashrif buyurmoqda.
Ro‘yxatga oluvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar GPS orqali kuzatib borilmoqda. Agar registrator belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmasdan, xonadonga bormasdan savolnomani to‘ldirsa yoki ma’lumotlarni asossiz kiritsa, bunday holatlar axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi va ularning planshetida ogohlantirish yuboriladi.
Fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga o‘z vaqtida javob berish maqsadida 1851 qisqa raqami orqali koll-markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar tomonidan savolnomani to‘ldirish tartibi va ro‘yxatga olish jarayoni bo‘yicha tushuntirishlar berib borilmoqda.
Shu bilan birga, aholidan eng ko‘p kelib tushayotgan savollarga to‘xtalib o‘tamiz.
Savol: Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish savolnomasini to‘ldirmasam nima bo‘ladi?
Javob: Agar savolnomani to‘ldirmasangiz, siz yashayotgan hudud haqida to‘liq va aniq ma’lumot to‘planmaydi. Natijada, kelgusida maktab, bog‘cha, shifoxona, yo‘l yoki qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash kabi ishlar rejalashtirilayotganda haqiqiy ehtiyojlar inobatga olinmay qolishi mumkin.
Shuning uchun ro‘yxatga olishda ishtirok etish har bir fuqaro uchun muhim. Chunki har bir to‘g‘ri va xolis ma’lumot yurtimiz taraqqiyotiga, aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Savol: Ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash uchun qanday axborot tizimlari ishlamoqda? Ma’lumotlarim xavfsiz bo‘ladimi?
Javob: Ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilayotgan barcha ma’lumotlar zamonaviy axborot xavfsizligi talablariga javob beradigan maxsus elektron tizimlarda saqlanadi.
Ma’lumotlar shifrlanadi, uchinchi shaxslarga uzatilmaydi va soliq, tekshiruv yoki boshqa ma’muriy maqsadlarda qo‘llanilmaydi. Ular faqat umumlashtirilgan statistik tahlil uchun ishlatiladi.
Savol: Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nima beradi? Bu kimga va nima uchun kerak?
Javob: Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali har bir hududda qanday mahsulotlar yetishtirilayotgani, ular hudud aholisining ehtiyojini qay darajada qondira olayotgani aniqlanadi. Masalan, qaysi joyda sabzavot yoki chorva mahsulotlari kam, qaysi hududda esa imkoniyat ko‘p ekani ma’lum bo‘ladi.
Shu ma’lumotlar asosida davlat qaysi hududga qanday yordam kerakligini, qachon va qayerda qo‘shimcha suv, texnika yoki qo‘llab-quvvatlash zarurligini belgilaydi.
Ya’ni, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — avvalo aholining oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlanishi va har bir hudud imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish uchun kerak.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etishga, registratorlar savollariga to‘g‘ri, to‘liq va xolis javob berishga chaqiramiz.
