KICHIK SULTONBEKDAN KATTA NATIJA
2026-01-31 10:40:00 / Yangiliklar
Bugun yurtimiz ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar orasida yoshlarimizning erishayotgan natijalari alohida e’tiborga munosib. Ayniqsa, hali maktab partasida-yoq, xalqaro mezonlar darajasida bilimini namoyon etayotgan o‘quvchilar tumanimizda borligi quvonarli hol albatta. Ana shulardan biri 7-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Sultonbek Ostonakulovdir.
Sultonbek ingliz tili fanidan B2 darajadagi milliy sertifikatni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritib, nafaqat o‘z maktabi, balki butun tuman jamoatchiligi e’tiborini tortdi. Bu natija tasodif emas. Uning ortida yillar davomidagi izlanish, mitti jussadagi tinimsiz mehnat va aniq maqsad sari qat’iy intilish mujassam.
U ingliz tiliga bolaligidan qiziqib o‘sgan. Dastlab, ingliz tilidagi multfilmlar, qo‘shiqlar, filmlar va turli axborot manbalari uning tilni erkin qabul qilishiga turtki bo‘lgan. 4-sinfgacha ustozi Madina Rajabova tomonidan ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi “chiniqtirildi”. 5-sinfdan boshlab, Anvar To‘rayev ko‘magida CEFR imtihonlariga maqsadli tayyorgarlikni boshladi.
Aytish joizki, Sultonbek o‘sib-ulg‘aygan oilada ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Onasi Dilshoda Ibragimova 7- maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi. Yaqinda besh nafar malakali pedagoglar qatorida Turkiya davlatida malaka oshirib qaytdi. Hozirda xalqaro tajriba va zamonaviy ta’lim usullarini amaliyotda faol tatbiq etib kelmoqda. Tabiiyki, bunday oilaviy muhit Sultonbekning tilga bo‘lgan qiziqishi va muvaffaqiyatlarida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
-Farzandimning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi juda erta boshlangan. Biz ota-ona sifatida uning xohishini qo‘llab-quvvatladik. Ustozlar mehnati, farzandimning intilishi va sabri bugun o‘z samarasini berdi. Men undan juda faxrlanaman!, - deydi onasi Dilshoda Ibragimova.
Ayni paytda Sultonbek ingliz tilini nafaqat sertifikat uchun balki o‘z kelajak kasbi uchun ham chuqur o‘rganmoqda. Kichkina qahramonimiz IT sohasini egallash bir bir qatorda diplomat bo‘lishni maqsad qilgan.
Sultonbekning bugungi yutug‘i ertangi katta muvaffaqiyatlarning mustahkam poydevoridir.
