ZAVOD – MUSTAQILLIGIMIZ MEVASI!
2026-01-05 16:00:00 / Yangiliklar
ZAVOD – MUSTAQILLIGIMIZ MEVASI!
Bekzod HUSANOV,
3-GMZ direktori.
Tobora oxirlab borayotgan 2025 yilda 3-gidrometallurgiya zavodining 30 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sana negizida zavodning zalvorli va yorug‘ istiqbolli tarixi mujassam. Respublikamiz mustaqillikka erishganiga ko‘p vaqt o‘tmay, zamonaviy oltin ishlab chiqarish korxonasining qurilishi va ishga tushirilishi kon-metallurgiya sanoatida ulkan qadam, yosh davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yorqin davr bo‘ldi, deyish mumkin.
Avvaliga, 3 dona tegirmon blokida oksidlangan ma’danlarni qayta ishlagan zavod yildan-yilga tegirmon bloklari sonini oshirib bordi. Yangi innovasion texnologiyalar ishlab chiqarishga jadal tadbiq etildi. Shu sababli ham zavod oksidli ma’danlar zaxirasi tugayotgan davrni talafotlarsiz o‘tkazib, bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlar borligini amalda ko‘rsatib berdi.
2008 yildan sulfidli ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi texnologik majmualar barpo etilishi asosida, ishlab chiqarish jarayonini keng qamrovda davom ettirdi.
Bugun zavodni dunyo oltin ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari bilan bemalol bellasha oladigan zamonaviy korxona, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday murakkab texnika va texnologiyalarga asoslangan majmuani mahalliy kadrlar boshqarayotgani esa quvonarli holat, albatta!.
Zavod ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlarining fidoyiligi va vatanparvarligi, kasbiga sadoqati va mas’uliyati sabab, zavod faoliyatining dastlabki yillarida ma’danni qayta ishlash hajmi 1 272 300 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 10 million tonnaga yetmoqda. Oltinni ajratib olish darajasi esa dastlabki 10 yilga nisbatan 8 foizga oshganini ko‘rishimiz mumkin. Bunda barcha ishchi-xodimlarning qolaversa, korxona faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan Shimoliy kon boshqarmasi rahbariyatining ham ulkan hissasi bor.
Aytish joiz bo‘lsa, 3-gidrometallurgiya zavodi – qat’iy tartib-intizom bilan sidqidildan mehnat qiluvchi xodimlarni o‘zida jamlagan yuksak professionallar jamoasidir. Yagona maqsad yo‘lida birlashgan mazkur jamoa bundan keyin ham ilg‘or texnologik jarayonlarni takomillashtirish, ishlab chiqarishga zamonaviy-innovasion loyihalarni joriy etish, ma’danni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali Yangi O‘zbekistonning farovon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.
Sarhisob qilinayotgan 2025 yilda 3-GMZ da ma’muriy va texnologik imkoniyatlar sezilarli darajada kengaytirildi. Maydalash syexida yangi 7 - 8 tegirmon bloklari ishga tushirilishi natijasida ma’danni qayta ishlash hajmi 25% ga oshirildi. Yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi 130 foizga o‘sdi. Flotatsiya syexida SAF-5 sikllararo flotatsiya tarmog‘i foydalanishga topshirildi. Biooksidlash syexi esa yangi 9-10 modullar bilan kengaytirildi. Filtrlash, quritish va kuydirish syexi yangi uskunalar bilan jihozlandi. Bu kabi sa’y-harakatlar ma’danni qayta ishlash hajmini oshirish imkonini berdi. E’tiborlisi, 154 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, 3-gidrometallurgiya zavodi tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan “Oltin zavodning zalvorli odimlari” nomli kitob-albomning nashrdan chiqarilishi korxona uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
Aminmanki, kunni tunga ulab mehnat qilayotgan jamoaning har bir ishchi-xodimi oldimizga qo‘yilayotgan reja topshiriqlarni ortig‘i bilan uddalashga bor bilim – salohiyatini va kuch-g‘ayratini safarbar qiladilar.
