YIL SARHISOBI: Uran ishlab chiqarish hajmi ortgan
2026-01-05 14:55:00 / Yangiliklar
Farid BOZOROV,
“Navoiyuran” DK “Uchquduq” ICHM bog‘lig‘i.
YIL SARHISOBI: Uran ishlab chiqarish hajmi ortgan
Atom energiyasi agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran zaxiralari bo‘yicha MDH davlatlari ichida 2-o‘rinni, dunyo miqyosida esa 10-o‘rinni egallaydi. Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyodagi TOP-5 mamlakat qatoriga kirgan.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda uran sanoati jadallik bilan rivojlanib, davlatimiz va hukumatimizning bu borada bir qator qarorlari qabul qilindi. Tabiiy uran ishlab chiqarish hajmi 2030 yilgacha mos ravishda uch baravarga oshirish bo‘yicha strategik vazifalar qo‘yilgan.
Yana bir e’tiborli jihat, Uchquduq dastlab uran qazib olishga ixtisoslashgan. Shu yillar davomida Uchquduq – uran sanoati bilan birga o‘sdi va taraqqiy etdi deyish mumkin!. Hozirgi kunda "Navoiyuran" DKda ishlab chiqarilayotgan uranning 15 foizi “Geotexnologik” kon hissasiga to‘g‘ri keladi.
Raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025 yilda davlat rejasi 134 foizga, burg‘ulash ishlari 228,2 foizga bajarilib, o‘tgan yilga nisbatan 171 foizga o‘sish sur’ati kuzatilmoqda.
Ayni vaqtda ”Qizilqoq” koni so‘ngi yillarda “Navoiyuran” DK geologiya qidiruv yo‘nalishidagi erishilgan yutug‘i hisoblanib, “Uchquduq” ICHM uchun asosiy mineral xomashyo bazasi hamda istiqboli yuqori maydon hisoblanadi.
Hududi Tomdi tumanida joylashgan, Uchquduq shahridan 140 km olisda bo‘lgan “Qizilqoq” konida 5 ta yangi mahalliy sorbsion qurilma, 5 ta kislorod stansiyasi ishga tushirildi. Joriy yilning o‘zida kon bo‘yicha so‘ruvchi quduqlar soni 23 tadan 610 taga oshirildi. 22 km 35 kV havo elektr uzatish tarmoqlari qurildi. 2 ta bosh pasaytiruvchi podstansiya yangidan qurilib foydalanishga berildi.
Shiddatli iqlim sharoitida mehnat qilayotgan xodimlarga qulay ish va yashash sharoitlarini yaratish doimiy diqqat markazimizdagi masala. Bugun vaxta shaharchasi yangidan barpo etilib, to‘liq ishga tushirildi.
“Uchquduq” konida “Sharqiy qanot – 2” mahalliy sorbsion qurilma, 280 dona so‘ruvchi quduqlar ekspluatatsiyaga berildi. Uskunalarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 14 km. uzunlikdagi 35 kV havo elektr uzatish tarmoqlari yangidan barpo etildi.
Shuningdek, “Shaxta” maydoni mahalliy sorbsion qurilmasida kengaytirish ishlari olib borilib, 85 dona so‘ruvchi quduqlar ishga tushirildi. E’tiborlisi, geotexnologik kon hududidagi qazib olish maydonlarini kengaytirish hisobiga 38 km 6 kV havo elekt ruzatish tormog‘i yangidan qurildi va foydalanishga berildi.
Korxonaning polietilen quvurlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida sulfat kislota ishlab chiqarish syexida alohida uchastka faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda diametri 50 mm bo‘lgan PND quvurlari ishlab chiqarilmoqda.
“DJasaga” konida esa Yaponiyaning JOSMEG kompaniyasi bilan optimal o‘zlashtirish texnologiyasini tanlash bo‘yicha tajriba-sinov davom ettirilmoqda.
Tobora o‘tib borayotgan 2025 yildagi faoliyatimizni sarhisob qilarkanmiz, Qizilqum sahrosi bag‘rida yashirib yotgan mineral-xomashyo - uranni qazib olish ishlari har qachongidan-da, yuqori bosqichga ko‘tarilganligini payqash mumkin.
Bunday mashaqqatli mehnat zamirida “Uchquduq” ICHM da mehnat qilayotgan 1800 nafardan ortiq fidoiylarning ulkan ulushi bor, albatta. Ahil jamoamiz bundan keyin ham ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
