Loqayd bo‘lmaylik
2026-01-05 14:40:00 / Yangiliklar
Bismillahir roxmanir roxim.
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va ahli oilasiga salomlar bo‘lsin.
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Hozirgi kunda aholining 40 foizi voyaga yetmaganlar tashkil etadi va bu ko‘rsatkich masalaning qanchalik dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarni himoya qilish uchun mustahkam huquqiy baza yaratilgan va samarali ijtimoiy himoya tizimi joriy etilgan. Bu jarayonda ota-ona, mahalla, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangan.
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish har doim davlatning muhim vazifasi bo‘lib kelgan. Inson tinch va xotirjam hayot kechirsa, jamiyatda taraqqiyot va barqarorlik ta’minlanadi. 2017–2021 yillardagi Harakatlar strategiyasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi samarali choralar aniq belgilab berilgan.
Yoshlar, ayniqsa uyushmagan va ish bilan band bo‘lmaganlar, kasb-hunarni puxta o‘zlashtirishlari, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishlari uchun sharoitlar yaratish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda barcha — huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilik hamkorlikda faol ishtirok etishi zarur.
Yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish masalalari ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, internet klublar faoliyatini tartibga solish va kechki soat 22.00 dan keyingi faoliyatini cheklash kabi choralar samarali profilaktika hisoblanadi.
Prezident tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni mamlakatimizda «Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish profilaktika kuni» sifatida belgilanib, voyaga yetmaganlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ota-onalar hamda vasiylik organlarining mas’uliyatini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarni sog‘lom va barkamol inson qilib tarbiyalash, ularning sport va ma’naviy-axloqiy tarbiyasi uchun barcha sharoitni yaratish jamoatchilik va davlat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilsa, kelajakda yuksak bilimli va faol avlod shakllanadi. Ota-onalarning maslahatlari ham yoshlarning tarbiyasida asosiy ahamiyatga ega.
To‘raqulova Odinaxon
Uchquduq tuman imom xatibi, ayol-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari
