1-SON TEXNIKUM: MEHNAT, NATIJA VA ISHONCHLI ISTIQBOL
2026-01-05 10:10:00 / Yangiliklar
O‘tib borayotgan 2025 yil 1-son texnikum uchun mazmunli, sermahsul va xotiralarga boy yil sifatida tarixda qolmoqda. Ta’lim sifati va mazmunini oshirish, pedagog kadrlar salohiyatini mustahkamlash, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida izchil ishlar amalga oshirildi.
O‘quv muassasasida 18 nafar pedagog va 13 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustasi faoliyat olib boradi. 2025–2026 o‘quv yilida katta o‘qituvchilar hamda oliy toifali pedagoglar soni 50 foizga oshdi, milliy va xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar ulushi sezilarli darajada o‘sdi. Ustozlar mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tibor natijasida ishlab chiqarish ta’limi ustasi Azizjon Vahobov “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
O‘quvchilar yutuqlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 11 nafari umumta’lim fanlaridan A, B, C darajadagi sertifikatga, 9 nafari ingliz tilidan B2 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi. “Besh tashabbus” olimpiadasining tuman bosqichida voleybol, stol tennisi va shaxmat sport turlaridan 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, 2024–2025 o‘quv yilida texnikumni 135 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomlab, ularning 98 foizining bandligi ta’minlandi. Aksariyat bitiruvchi-yoshlar yirik sanoat korxonalarida ish boshladi yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda.
E’tiborlisi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ, “Navoiyuran” DK, elektr va issiqlik ta’minoti korxonalari bilan o‘rnatilgan hamkorlik ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqdi. Xalqaro yo‘nalishda esa Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlik memorandumi yangi imkoniyatlar taqdim etishi, shubhasiz!.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yil texnikum hayotida mazmunli yutuqlar, mustahkam tajriba va ishonchli istiqbollar yili bo‘ldi, deyish mumkin.
Behzod QODIROV,
1-son texnikum direktori.
