SALOMATLIK – HAR NEDAN USTUN
2026-01-02 15:35:00 / Yangiliklar
Vaqt azim daryodek shiddat bilan o‘tayotganini his etar ekanmiz, boshimizdan kechirgan quvonchli va tashvishli onlar, amalga oshirilgan ishlarimiz ko‘z o‘ngimizdan bir-bir o‘tadi. Tahlil, taftish sarhisob qilamiz.
Ana shunday shukuhli kunlarda Uchquduq tibbiyoti uchun ham 2025 yil samarali bo‘lganligini, ta’kidlash o‘rinli. Nafaqat, №2-TSQ da balki tuman tibbiyot birlashmasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Tashabbusli byudjet dasturi orqali ajratilgan mablag‘ evaziga ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Bino texnik jihatdan to‘liq yangilandi. Kutish zallari kengaytirildi, o‘rindiqlar soni oshirildi, nogironlar hamda yosh onalar uchun qulay shart-sharoit yaratildi.
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmat sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solishga qaratilgan elektron tizim joriy etildi. 66 ta zamonaviy kompyuter jamlamasi berilib, chekka ovullardagi tibbiyot muassasalarida ham to‘liq elektron tizimga o‘tildi.
Tug‘ruqxona bo‘limi IVL apparati, kardiomanitor, KTG apparatlari va zamonaviy tug‘ruq kreslolari bilan jihozlandi. Jarrohlik va reanimatsiya bo‘limlariga SHREK laparaskopik apparati va MORFIYUZ SIARI narkoz apparati keltirildi. Shu paytgacha 100 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada tuman aholisining qariyb, 70 foizi viloyat va respublika markazlaridagi tibbiyot muassasalariga yuborilmasdan shu yerning o‘zida shifo topmoqda. “Toza qo‘llar” dasturi doirasida ham ishlar olib borilayotir.
Muxtasar aytganda, 734 nafar tibbiyot xodimlari mehnat qilayotgan jamoa hudud aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida bor bilim va salohiyatini safarbar etmoqdalar.
Maqsud NORQULOV,
Uchquduq tuman TTB boshlig‘i.
