Kibermadaniyat — zamonaviy jamiyatning muhim mezoni
2025-11-10 13:55:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda insoniyat hayotining deyarli barcha jabhasi internet va raqamli texnologiyalar bilan uzviy bog‘liq. Axborot olish, muloqot qilish, ta’lim olish, ish yuritish — barchasi internet orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, virtual makondagi faoliyat madaniyati — kibermadaniyatni shakllantirish ham jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kibermadaniyat — bu insonning internet muhitida axloq normalariga, huquqiy qoidalarga va xavfsizlik talablariga amal qilgan holda, madaniy va ma’naviy jihatdan to‘g‘ri faoliyat yuritishi demakdir. Ya’ni, kibermadaniyatli foydalanuvchi — nafaqat axborotdan foydalanadi, balki uni to‘g‘ri baholaydi, boshqalarning huquqlariga hurmat bilan yondoshadi va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlaydi. Internet orqali tarqalayotgan turli yolg‘on xabarlar, tahqirlovchi izohlar, yoshlar ongiga salbiy ta’sir etuvchi kontentlar jamiyatda axloqiy inqirozga olib kelishi mumkin. Shu sababli, kibermadaniyatni rivojlantirish nafaqat texnik yoki ta’limiy vazifa, balki ma’naviy-axloqiy burch hamdir. Kibermadaniyat va kiberxavfsizlik — bu ikkisi bir-biridan ajralmas tushunchalardir. Agar insonda kibermadaniyat shakllanmagan bo‘lsa, eng zamonaviy dasturiy muhofaza ham samara bermaydi. Shuning uchun har bir internet foydalanuvchisi o‘z axborot maydoni uchun mas’uliyatni his qilishi zarur. O‘zbekistonda kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli madaniyatni rivojlantirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Kiberxavfsizlik konsepsiyasi”, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida aholining kibersavodxonligini oshirish, yoshlar uchun onlayn kurslar va treninglar tashkil etilmoqda. Bu tashabbuslar nafaqat texnik bilimni, balki axloqiy mas’uliyat va madaniy ongni ham rivojlantirishga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Kibermadaniyat — bu kelajak jamiyatining yuzidir. Uni rivojlantirish har birimizdan ongli foydalanish, mas’uliyatli munosabat va axborotga tanqidiy yondashuvni talab etadi. Shunday ekan, internetda faol bo‘lish bilan birga, madaniyatli faol bo‘laylik — chunki kibermakondagi har bir xatti-harakatimiz nafaqat biz, balki butun jamiyat haqida tasavvur hosil qiladi.
Uchquduq tumani Qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i
katta leytenant Sh.Toshniyozov
