Uchquduq tuman hokimi Yelmuratov Uchqun Fayzullayevichning Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni oshirish va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha murojaati
2025-11-07 17:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari!
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil siyosat natijasida aholi farovonligini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Myehnat bozorini isloh qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, oilalar turmush sharoitini yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada hurmatli Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur farmonning ijrosi yuzasidan Uchquduq tumanida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, bugun tumanimizda 39 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 33 ming nafari mehnat resurslarini, 28 ming nafari iqtisodiy faol aholini, 27 ming nafarini esa daromadli band fuqarolarni tashkil etadi.
Uchquduq tumani viloyatning bugungi nufuzi, iqtisodiy jihatdan rivojlanishi, sanoat va xalq xo‘jaligida erishilayotgan yutuqlarda o‘zining salmoqli hissasiga va muhim o‘rniga ega ekanligi ushbu raqamlardan ham ko‘rinib turibdi.
Yil boshida 270 ta oila kambag‘allik reyestrida qayd etilgan edi. Amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar, mahalla va olis ovullarda olib borilayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosidagi faoliyat natijasida 151 ta oila reyestrdan chiqarilgan. 119 ta oila bilan ishlar davom ettirilmoqda.
Amalga oshirilgan bu kabi sa’y-harakatlarning zamirida avvalo tuman hokimligi, tegishli korxona-tashkilotlar, hudud taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yondashadigan tadbirkorlar, qolaversa o‘z turmush tarzini o‘zgartirishga qaror qilgan fuqarolarimizning hamjihatlikdagi mehnatining samarasi bor, deyish mumkin.
Yuqorida ta’kidlangan kambag‘allik reyestridagi 119 ta oilaning 99 tasi sariq toifa, 20 tasi qizil toifadagi oilalar hisobiga to‘g‘ri keladi. Yil yakuniga qadar ushbu oilalar vakillarining bandligini ta’minlash, kasb-hunar egallashlariga ko‘maklashish, o‘z-o‘zini band qilish orqali doimiy daromadga ega bo‘lishlarida amaliy ko‘mak ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga asosan Navoiy kon metallurgiya kombinati Uchquduq tumaniga biriktirilgan bo‘lib, og‘ir toifadagi “Yo‘lchilar” va “Uzunquduq” ovul fuqarolar yig‘ini tanlab olingan.
Ushbu hududdagi 56 ta kam ta’minlangan oilaga 280 bosh mayda shoxli mol berilgan. “Yo‘lchilar” ovulidagi 5 ta oilaning yashab turgan uy-joylarida qurilish va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi.
Yangicha qiyofa kasb etgan, yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan uy-joylarga ko‘chib o‘tgan xonadon egalarining mamnunligini kuzatish mumkin. Zotan, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak”.
Qadrli tumandoshlar!
2025 yilning 1 yanvarb holatiga ko‘ra, Uchquduq tumanida 1069 nafar ishsiz qayd etilgan bo‘lib, ishsizlik darajasi 4,7 foizni tashkil etgan edi. Hududdagi korxona-tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yangi ish o‘rinlarining yaratilishi natijasida ishsizlar soni 1 noyabr holatida 680 nafarga kamaydi. Ishsizlik darajasi esa 3,3 foizni tashkil etmoqda.
Hozirda yirik mahalliy va xorijiy qo‘shma korxonalar hamda tashkilotlarda 50 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni borligini ma’lum qilaman. Mazkur bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat qilish istagida bo‘lgan tumanimiz fuqarolarini Uchquduq tuman hokimligiga murojaat qilishlarini so‘rayman.
Ularning mehnat bozoriga kirib kelishlari, mutaxassisligi va malakasiga mos bo‘lgan ish o‘rinlariga joylashishlari uchun amaliy ko‘mak berishga har doim tayyormiz.
Shuningdek, ijtimoiy-tibbiy ko‘makka muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga qayta tayyorlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish orqali har bir xonadonda har bir oilada ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Bugungi kunda ishsizlikni kamaytirish orqali kambag‘allikni qisqartirish eng ustuvor masala sifatida qaralmoqda-ki, har bir ish o‘rni – bu yangi imkoniyat, har bir band fuqaro – bu farovon oila demakdir!.
Kuni-kecha Uchquduq tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari-ni 2026 yilda ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish to‘g‘risidagi qaror imzolandi. Ushbu qaror asosida 276 ta ish o‘rinlari zaxirasi yaratildi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, har kuni soat 9:00 da Uchquduq tuman Xalq qabulxonasida fuqarolar qabuli tashkil etilmoqda. Har hafta payshanba kuni esa shaxsan mening rahbarligimda ochiq qabullar o‘tkazilmoqda.
“Ish bering” telegram kanali orqali murojaat qilgan har bir fuqaro men boshchiligimda qabul qilinmoqda. Ularning muammolari atroflicha o‘rganilib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Zero, har bir murojaat – biz uchun mas’uliyat, har bir yechim –aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini anglatadi!.
Qadrli uchquduqliklar!.
Uchquduq tumani rivojlangan sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorligi bilan ko‘pchilikka ibrat - namuna bo‘lib kelmoqda. Hududdagi jadal o‘zgarishlarni kuzata turib, Uchquduq – boy imkoniyatlar zamini, deyish mumkin!.
Bizda aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli iqtisodiy salohiyat va ijtimoiy imkoniyatlar mavjud.
Men bugun Uchquduq tumani rahbari sifatida Siz uchquduqliklarga murojaat qilib, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, o‘z hayotingiz qolaversa, farzandlaringiz kelajagi uchun mas’uliyatni his etib, barcha jabhada faol bo‘lishga chaqiraman!.
Kelinglar aziz uchquduqliklar, obod va ko‘rkam, yashash uchun har tomonlama qulay shahar - Uchquduqni birgalikda barpo etaylik!. Elu-yurtga dahldorlik har birimizning insoniylik burchimizga aylanishi lozim!
Ishonchim komilki, hamjihatlik, mehnatsevarlik va fidoyilik bilan biz tumanimizni yanada obod, aholimizni farovon, yoshlarimizni esa yanada baxtli hayotga boshlaymiz!.
