Uchko‘priklik yoshlar ilg‘or startaplar yaratmoqda
2026-09-25 09:50:00 / Yangiliklar

"Begobod" mahallasida joylashgan markazda yoshlarga kompyuter savodxonligi, dasturlash, grafik dizayn, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda ta’lim berilmoqda. Ayni paytda 120 nafar o‘g‘il-qiz bu yerda bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Viloyat hokimiga yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar taqdimot qilindi.
Xususan, "mahalla yettiligi" faoliyatini tahlil qilish, raqamlashtirish, hududlar obodligini saqlashda jamoatchilik nazoratini kengaytirish bo‘yicha loyihalar ko‘rsatib o‘tildi.
Xayrullo Bozorov ushbu ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga zarur ko‘rsatmalar berdi.
Ma’lumot uchun, markazning birinchi bosqichida 40 ta zamonaviy kompyuter o‘rnatilgan. Yil yakuniga qadar "Bir million dasturchi" va "Besh million sun’iy intellekt yetakchilari" loyihalari doirasida 200 nafar yoshni raqamli bilimlarga o‘qitish va yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.



