Uchko‘prikda "Yoshlar ziyo maskani" ish boshladi
2026-08-07 10:50:00 / Yangiliklar

Yangi ma’rifat maskani foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda keng jamoatchilik vakillari, turli yoshdagi kitobxonlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasida kitobning ta’sirchan kuchidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ziyo maskanida ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti kabi bo‘limlar 500 dan ortiq nomdagi kitoblar bilan to‘ldirildi.
"Yoshlar ziyo maskani"da 4 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlanadi. Bu yerda WI-FI tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1 ming 500 dan ziyod adabiyotlarning elektron nusxasi shakllantirilgan.
Ziyo maskani tuman markazida, aholi gavjum joyda tashkil etilganining boisi kitobxonlarga yanada qulaylik yaratish, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etishdan iboratdir.


