O‘zbekistonning investitsiya samaradorligi bo‘yicha TOP-35 hokimlari
2026-05-04 10:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, investitsiya faolligi hudud iqtisodiy o‘sishining asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. Aynan hokimliklar darajasida investorlar bilan ishlash sifati, loyihalarni amalga oshirish tezligi va iqtisodiy muhitning jozibadorligi shakllanadi.
Reyting qanday shakllantirildi?
Reyting 2025-yil yakunlari bo‘yicha quyidagi asosiy indikator va subindikatorlar asosida tuzildi:
1. Asosiy indikator:
- o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi — hududga jalb qilingan mablag‘larning amalda iqtisodiyotga tatbiq etilgan qismi.
2. Subindikatorlar:
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi;
- investitsiya hamkorlari geografiyasi;
- loyihalarning ishga tushirilish darajasi;
- investitsiyalarning tarmoqlar kesimidagi taqsimoti.
Mazkur yondashuv hududlarning nafaqat hajmiy, balki sifat jihatidan ham rivojlanishini baholash imkonini berdi.
Qanday ma’lumotlardan foydalanildi?
Tahlil jarayonida ochiq va ko‘p manbali ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Jumladan:
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hisobotlari;
- Savdo-sanoat palatasi materiallari;
- viloyat hokimliklarining rasmiy hisobotlari;
- ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq ma’lumotlar.
Ma’lumotlar o‘zaro solishtirilib, triangulyatsiya usuli orqali tekshirildi, bu esa yakuniy natijalarning ishonchliligini ta’minladi.
Tadqiqot qamrovi
Reyting O‘zbekistonning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tuman va shahar hokimliklarini qamrab oldi.
Biroq, Toshkent shahri reytingga kiritilmadi, chunki uning iqtisodiy va investitsiya muhiti boshqa hududlardan sezilarli darajada farq qiladi. Bu yondashuv hududlar o‘rtasida adolatli taqqoslashni ta’minlashga xizmat qildi.
