Korrupsiyaga qarshi kurashishga barcha masʼul
2025-10-15 15:30:00 / Yangiliklar

Uchko‘prik tumani hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Qodirjon Erkaboyev, tuman prokurori O‘ktamjon Yo‘lchiyev, ichki ishlar bo‘limi masʼullari, Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablari hamda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga to‘xtalib o‘tildi.
Taʼlim muassasalari xodimlari o‘rtasida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash hamda bunday omillarni bartaraf etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Bu kabi tadbirlar soha xodimlarini halol va vijdonan ishlashga, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish jarayonida yanada faol bo‘lishga undashi qayd etildi.


