Tomorqadan boy bo‘layotgan, ahillikda namuna "Kalvak"liklar.
2026-02-17 11:45:00 / Yangiliklar

Ushbu mahalladagi 5215 nafar aholi istiqomat qiladigan 1054 ta xonadonning 610 tasida issiqxona bor. Yilning to‘rt faslida ham tinib-tinchimaydigan mahalla aholisining turmush farovonligi shunga munosib. Bir oila mavsumda 10 sotixli issiqxonadan 200 million so‘mgacha daromad topadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov aka-uka Nurmuhammad va Nuriddin Qodirovlarning xonadonidagi issiqxonalarda parvarishlanayotgan 20 xildan ortiq turdagi pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or va achchiq qalampiri, gul va rayhon ko‘chatlarini ko‘rib, ilg‘or tomorqachilar mehnatini e’tirof etdi. Bugungi kunda mehnat qilgan har bir inson yaxshi yashayotgani, farzandlar ham ishchan, odob-ahloqli bo‘lib voyaga yetishi haqida gapirdi.
-Har bir mahallada lider tadbirkor, tomorqada ibrat oilalar bo‘lsin, qolganlar ularning ortidan ergashib, o‘zi qiziqib, harakat qilaveradi, -dedi viloyat rahbari.
Mahalla hududidagi "Hokimuborak" qabristonida uyushtirilgan Ramazon oyi oldi hashari esa "Kalvak" liklarning birdamligi, nuroniylarning tashabbusi ifodasi sifatida baholandi.
Viloyat rahbari hasharchilarni olqishlab, yaxshi niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
O‘tganlar ruhi shod etilib, duo fotiha qilindi.
To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi
Axborot xizmati









