RAQAMLI DAVRDA OʻZBEK TILINING ISTIQBOLI
2026-10-12 00:00:00 / Yangiliklar

Til — millatning ma’naviy qiyofasi, tarixi va madaniyatini oʻzida mujassam etgan bebaho boylikdir. Til madaniyati insonning ma’naviy saviyasi va tafakkur darajasini namoyon etadi.
Bugungi globalashuv va raqamli texnologiyalar davrida tillarning rivojlanishi yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Internet, elektron lugʻatlar, raqamli kutubxonalar, elektron ta’lim platformalari va sun’iy intellekt texnologiyalari til imkoniyatlarini kengaytirish uchun katta sharoit yaratmoqda.
Oʻzbek tilining raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash uchun elektron lugʻatlar va sifatli ta’lim resurslarini koʻpaytirish, oʻzbek tilidagi ilmiy va badiiy adabiyotlarni elektron shaklda ommalashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarda til me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash muhimdir.
Tilning kelajagi faqat uning tarixiy boyligi bilan emas, balki bugungi hayotda qanchalik faol qoʻllanilishi, ilm-fan va texnologiyalar bilan uygʻun rivojlanishi bilan ham belgilanadi.
Oʻzbek tili — xalqimizning milliy gʻururi, ma’naviy boyligi va bebaho merosidir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish, boyitish va kelajak avlodga yetkazish har bir insonning burchidir. Oʻz tilini qadrlagan xalq oʻz tarixini, madaniyatini qadrlaydi. Shuning uchun har birimiz oʻzbek tilida toʻgʻri va ravon gaplashishga, savodli yozishga, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanishga intilishimiz lozim.
Zero, ona tilini asrash — millatni asrash, uni rivojlantirish esa kelajak avlodlar ma’naviyatiga qoʻshilgan munosib hissadir.
