Tuproqqal’a tumani hokimi A.Jimalyazovning 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2025-12-08 00:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Avvalo, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Konstitutsiya — davlatimizning asosiy qonuni bo‘lib, unda davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlarining tizimi, ularning vakolatlari va shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, sud tizimi hamda davlat va jamiyatning o‘zaro mas’uliyati belgilangan.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Bosh qomusimizga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar inson qadrini yuksaltirishga, xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy davlat tamoyillarining mustahkamlanishi natijasida sifatli ta’lim, tibbiy xizmatlar ko‘lami, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya, sud-huquq amaliyotining takomillashuvi, xususiy mulk daxlsizligi kabi bir qator normalar yanada mukammal shaklga keltirildi.
Yangilangan Konstitutsiyamiz insonlar uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish maqsadida barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv hamda ijtimoiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan.
Aynan “ijtimoiy” tushunchaning qo‘shilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularning hayotdagi ishtirokini kengaytirish hamda jamiyat e’tiborini ularning muammolariga qaratilganidir.
Shuningdek, Konstitutsiyada davlatning oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratish majburiyati mustahkamlab qo‘yildi.
Birinchi bo‘lim, I bobi, 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldurlar”, — deb belgilangan. Bu qoidalar amalda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladi” tamoyilining hayotga tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.
Konstitutsiya insonning erkin yashash, mulkka egalik qilish, ta’lim olish, mehnat qilish, so‘z va e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.
Tumanimizda ham asosiy a onunimizda belgilangan imkoniyatlar asosida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, ijodiy mehnat qilayotgan, ishlab chiqarishni rivojlantirayotgan, o‘z salohiyatini namoyon etayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Ta’lim olish yoki sog‘ligini tiklash uchun yaratilgan sharoitlar esa kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qilayotgan institusional, qonuniy va tashkiliy o‘zgarishlar natijasidir.
Yangilangan Konstitutsiyada aholi uchun bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqining yanada kengaytirilgani muhim ahamiyatga ega. Aholi salomatligini asrash bo‘yicha normalar 4 barobar ko‘paytirildi. Bu esa onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etish hamda aholi salomatligini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Inson huquq va erkinliklarining qonunlarimizda ustuvor ahamiyat kasb etishi barcha vazirlik va idoralar faoliyatining asosini tashkil etmoqda. Bu esa davlat organlari va mansabdor shaxslarning faqat fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab ishlashini talab etadi.
Bosh qomusimizning har bir moddasi biz uchun amaliy dasturga, hayotiy qoidadir. Fuqarolarimiz qonunlarni buzishdan ko‘ra, ularga amal qilishdan manfaatdor bo‘lishlari zarur deb hisoblayman.
Yana bir bor barchangizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 33 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
