Hurmatli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar va agrar soha mas’ullari!
2026-09-07 09:10:00 / Yangiliklar

🌱 Yil bo‘yi qilgan mehnatingizni asrang!
Hurmatli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar va agrar soha mas’ullari!
Yurtimiz dalalarida zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, avvalgi yillarga nisbatan yanada mo‘l va sifatli paxta yetishtirish, barakali xirmon yaratish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda hali to‘liq yetilmagan, vazn to‘plash jarayonidagi paxtani terib olish boshlanayotganini kuzatmoqdamiz.
Yil davomidagi mehnatning natijasini terimdagi shoshqaloqlik sabab yo‘qotmang!
🌿 Dalangiz terimga tayyorligiga ishonch hosil qiling
Ayrim maydonlarda g‘o‘zapoya hali to‘liq qurimagan, o‘simlikda yashil barglar va yetilayotgan ko‘saklar borligiga qaramay, terimga kirishilmoqda.
Bunday dalalar hali terimga to‘liq tayyor emas!
G‘o‘zada paxta ochilgan bo‘lsa ham, poya hali qurimagan, barglar va ko‘saklar mavjud bo‘lsa, hosilning yetilish holatiga alohida e’tibor qaratish zarur.
Defoliatsiya va desikatsiya tadbirlarini belgilangan agrotexnik talablar asosida, o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish muhim. G‘o‘zaning yetilish jarayoni yakunlanishi, mavjud ko‘saklardagi paxta vazn to‘plashi va sifati yaxshilanishi uchun har bir tadbirning muddatiga rioya qiling.
🚜 Qo‘shimcha hosil va daromad imkoniyatini boy bermang
Agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri va ketma-ket bajarilgan ayrim maydonlarda gektaridan 100 sentnergacha hosil olish imkoniyati mavjud.
Shoshqaloqlik bilan terimni erta boshlash esa hali olinishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha hosil va daromaddan mahrum qilishi mumkin.
Esda tuting: desikatsiya hosilni terimga tayyorlashdagi muhim agrotexnik tadbirlardan biridir. Uni o‘z vaqtida va sifatli bajaring!
💧 Terimga tayyorlangan dalani sug‘ormang!
Ayrim fermerlar defoliatsiya va desikatsiyadan keyin «suv bersam, paxtaning vazni ortadi», degan tushuncha bilan dalalarni sug‘ormoqda.
Bu noto‘g‘ri yondashuv!
Bunday sug‘orish g‘o‘zaning qayta ko‘karishiga, yangi barglar chiqarishiga sharoit yaratadi. Natijada o‘simlik kuch va oziqasining bir qismini mavjud ko‘saklarga emas, yangi barglarni rivojlantirishga sarflaydi. Bu hosilning yetilishini kechiktirib, uning vazni va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Defoliatsiya va desikatsiya qilingan paxta maydonlarini sug‘orish qat’iyan man qilinadi!
☑️ Har bir dalaga alohida e’tibor, har bir ishga mas’uliyat
Barcha fermer xo‘jaliklari, klasterlar, hududiy rahbarlar va agrar soha mas’ullaridan:
• Defoliatsiya va desikatsiyani sifatli tashkil etish;
• Hosil to‘liq yetilib, zarur agrotexnik tadbirlar yakunlanmasdan terimni boshlamaslik;
• Desikatsiyadan keyin dalalarni asossiz sug‘ormaslik;
• Har bir maydondagi hosilning yetilish holatini muntazam nazorat qilish so‘raladi.
🌾 Har bir sentner hosilni, har bir so‘m daromadni asrang!
Hurmatli paxtakorlar! Yil davomida qilgan mashaqqatli mehnatingizning munosib natijasini ko‘rish uchun terimda shoshilmaslik, barcha agrotexnik talablarga rioya qilish lozim.
To‘liq yetilmagan hosilni terishga shoshilmang!
Agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida bajarib, ayrim maydonlarda gektaridan 10–20 sentnergacha qo‘shimcha paxta yetishtirish imkoniyatidan unumli foydalaning.
Bu imkoniyat daromadingizni oshirish, hosildorligi past maydonlardagi yo‘qotishlarni qoplash va mamlakatimizda barakali paxta xirmonini yaratishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi barcha fermerlar va mas’ullarni paxta terimiga mas’uliyat bilan yondashishga, har bir dalaning mavjud imkoniyatidan to‘liq foydalanishga chaqiradi!
🌱 Yillik mehnatingizni asrang. Hosilni o‘z vaqtida,
sifatli va nobud qilmasdan yig‘ib oling!
