Namangan tuman 2-son texnikumida 354 nafar bitiruvchiga diplomlar tantanali topshirildi
2026-07-07 10:30:00 / Yangiliklar

“Oq yoʻl Sizga, bitiruvchilar!” tadbirida bitiruvchilarga diplomlar topshirildi
Namangan tuman 2-son texnikumida “Oq yoʻl Sizga, bitiruvchilar!” shiori ostida 2025–2026-oʻquv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Namangan tuman hokimining oʻrinbosari Omonjon Saidazimov, texnikum direktori Erkinjon Yusupov, bitiruvchi kurs oʻquvchilari, ularning ota-onalari, ustozlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar bitiruvchilarni muvaffaqiyatli tamomlagani bilan samimiy tabriklab, ularga kelgusi mehnat va ta'lim faoliyatida ulkan yutuqlar, Vatan ravnaqi yoʻlida munosib hissa qoʻshishlarini tiladilar.
Joriy 2025–2026-oʻquv yilida Namangan tuman 2-son texnikumini 354 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Quvonarlisi, ularning 62 nafari imtiyozli diplomga sazovor boʻlib, a'lo oʻzlashtirishi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki bilan alohida e'tirof etildi.
Tantanali marosimda bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, faol va iqtidorli yoshlar hamda ularning ustozlari ragʻbatlantirildi.
Tadbir koʻtarinki kayfiyatda, madaniy chiqishlar va ezgu tilaklar bilan yakunlandi. Ushbu quvonchli kun bitiruvchilar hayotidagi unutilmas sahifalardan biri sifatida muhrlandi.










