🌿 Sudraluvchi kakraga qarshi kurash — hosildorlikni saqlashning muhim omili
2026-07-03 14:10:00 / Press-relizlar

SUDRALUVCHI KAKRA
Sudraluvchi kakraning poyasi shoxlangan bo‘lib, uning balandligi 20 santimetrdan 40 santimetrgacha tik o‘sadi. Ildizi o‘q ildizli, yaxshi rivojlangan. O‘simlikning gullashi va meva hosil qilishi may, iyun oylaridan boshlanib, urug‘i iyul oylarida pishib yetiladi. U 30-80 ming dona urug‘ hosil qilib, urug‘i, ildiz bachkilari va ildizpoyalaridan ko‘payadi.
Bu begona o‘t yengil va og‘ir loyli tuproqlarda yaxshi o‘sadi, tuproq sho‘rlanishiga chiday oladi. Qurg‘oqchilik iqlim va yog‘in miqdori 200-375 millimetrni tashkil etuvchi yarim cho‘l mintaqalarida ham rivojlanaveradi. Ekinlarning hosildorligi va sifatini, past-tekisliklardan iborat yerlarning mahsuldorligini pasaytiradi. Urug‘ bilan ifloslangan don qayta ishlanganda, achchiq ta’mli bo‘lib qoladi. Mazkur o‘simlikda ko‘plab alkoloidlar to‘planib, u bilan oziqlangan hayvonlarda zaharlanish yuzaga keladi. Kakra aralashgan pichan ayniqsa, otlar uchun xavflidir. Sigir sutining ta’mini ham keskin buzadi.Sudraluvchi kakra tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni yaxshi o‘zlashtiradi. Ozuqa moddalarni tuproqdan madaniy o‘simliklarga nisbatan 2-5 marta ko‘proq so‘rib oladi. Bundan tashqari, o‘zidan boshqa o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini to‘xtatib (sekinlashtirib) qo‘yuvchi modda ham ajratib chiqaradi.
Yangi toza yerlarning sudraluvchi kakra bilan ifloslanmasligi uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishda toza ekish materiallaridan foydalanish va dalalarga yaxshi chirigan go‘ngni keltirish katta ahamiyatga ega. Odatda beda, bug‘doy, arpa, suli va tariq kabi keng tarqalgan ekinlar urug‘lari sudraluvchi kakra urug‘lari bilan kuchli ifloslangan bo‘ladi. Ular turli don tozalovchi mashinalar (shu jumladan elektromagnit)da tozalashdan o‘tkaziladi. Ishlov berilmaydigan yerlarda sudraluvchi kakra o‘choqlarini gullashga yo‘l qo‘ymagan holda muntazam o‘rib turish tavsiya etiladi. Bu esa o‘simlik savatchalarining erigan qor va yomg‘ir suvlari bilan toza maydonlarga tarqalib ketishining oldini oladi.Dalalarni ushbu begona o‘tdan tozalashda tuproqqa sifatli ishlov berish, almashlab ekish qoidalariga qat’iy amal qilish, ekinlarni parvarishlashda karantin o‘simlikning qayta ko‘payishiga barham beruvchi tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish singari agrotexnik choralar muhim ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyati Oʼsimliklar karantin va ximoyasi boshkarmasi
Namangan tuman inespektori: А.Egamberdiev
