Olma qurtiga qarshi kurash: Daraxtlarni dorilashning eng maqbul muddatlari va amaliy usullari
2026-03-30 12:00:00 / Press-relizlar

Daraxtlarni olma qurtiga qarshi dorilash muddatlarini belgilash
Olma qurtiga qarshi daraxtlarni kimyoviy dorilash ishini bu zararkunandaning kapalaklari uchib chiqayotganda, tuxum qo‘yishga kirishdan oldin hamda qurtlari tuxumdan chiqa boshlagan va hali meva ichiga kirib ulgurmagan vaqtlarda o‘tkazish lozim. Bog‘lar juda erta yoki kech (qurtlarning ko‘pchiligi meva ichiga kirgan vaqtda) dorilanganida hosilning bir qismi nobud bo‘ladi.Bog‘larni olma qurtiga qarshi dorilash muddatlarini belgilashning bir necha usuli qo‘llaniladi. Bu usullardan eng qulayi va samaralisi olma qurtining tabiiy sharoitda rivojlanishini kuzatib turishdir. Buning uchun olma yoki nok daraxtlarining kechpishar navlarida 15–20 avgustda tekshirib ko‘rilmagan, ya’ni orasida qishlayotgan qurtlar bo‘lgan ushlash belbog‘lari qoldiriladi. Bu daraxtlarning po‘stlog‘i ham tozalanmaydi.Birinchi kuzgi sovuqlar tushganidan keyin daraxtlarda qoldirilgan belbog‘lar asta-sekin yechib olinib, qurtlar pillalari bilan birga idishlarga joylanadi va ularning og‘ziga doka tortiladi. Bunda pillalarni zararlamay saqlab qolib, qurtlarni shu pillalar ichida qishlatishga katta e’tibor beriladi. Qurtlarni idishga joylash oldidan pillalardagi qurtlar sanalib, ularning soni 150–200 gacha yetkaziladi. So‘ngra bu idishlar bostirmaga osib qo‘yilib, ulardagi qurtlar qishda yog‘inlar hamda –8°C dan past harorat ta’siridan himoya qilinadi. Ko‘klamgi iliq kunlar boshlanishi bilan bu qurtlarning g‘umbakka aylanishi va ulardan kapalaklar chiqishi kuzatib turiladi.Ikkinchi bo‘g‘in qurtlarga dori purkash muddatini belgilash uchun mayning uchinchi o‘n kunligidan boshlab har uch–to‘rt kunda bir marta ushlash belbog‘lariga kirgan qurtlar belbog‘lar bilan birgalikda olinib idishlarga joylanadi va ularning og‘ziga doka yopiladi. Idishdagi qurtlarning soni 100 tadan kam bo‘lmasligi shart. So‘ngra bu idishlar bostirmaga yoki daraxt shox-shabbasining soya joyiga osib qo‘yiladi.Olma daraxtlarining rivojlanish davrlariga qarab, olma qurtining rivojlanish muddatlari hozircha vodiy zonasidagina o‘rganildi. Ko‘p yillik tajriba natijalariga asosan, Toshkent viloyatida bu muddatlar quyidagicha ekanligi aniqlandi: ko‘klamdagi kapalaklar olma daraxtlari gullab bo‘lgandan keyin ucha boshlaydi va 4–6 kun o‘tgach ko‘plab uchadi; birinchi bo‘g‘in kapalaklar olma daraxtlari gullab bo‘lgandan keyin 50–52 kun o‘tgach, ikkinchi bo‘g‘in kapalaklar esa 92–95 kun o‘tgach ucha boshlaydi.
Namangan viloyat
inspektori: Alisher Raximov

