MAMLAKATIMIZ OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHDA O‘Z HISSANGIZNI QO‘SHING, AYNIQSA KARTOSHKA VA BOSHQA ZARUR MAHSULOTLARNI EKISHNI QISQA MUDDATDA YAKUNLAB, QO‘SHIMCHA DAROMADGA EGA BO‘LING!
2026-03-26 14:50:00 / Press-relizlar

O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining barcha mirishkor fermerlarga, bobo dehqonlarga hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga tegishli korxonalarga
MUROJAATI
Hurmatli fermerlar, dehqonlar va qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilari!
Siz aziz dehqonlarning yaratuvchanlikka asoslangan mehnatingiz asrlar davomida xalqimizning farovon turmushi, to‘kin dasturxonining asosiy sababi sifatida yuksak e’tirof etilgan va qadrlangan. Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – nafaqat qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, balki iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini oshirishning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari Navro‘z umumxalq bayrami tadbirida mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, ularning xalqimiz dasturxonini to‘kin va farovon qilishdek sharafli mehnatini e’tirof etdi, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi. Ushbu qo‘llab-quvvatlashdan ruxlanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – har birimizdan mas’uliyat va faollikni talab qilayotgan eng dolzarb vazifalardan ekinligini his qilib, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlarini qisqa muddatlarda ekishni tashkil etib, ichki ehtiyojni to‘liq qondirish orqali bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shaylik. Har bir qarich yer – imkoniyat. Undan oqilona foydalanish esa nafaqat shaxsiy manfaat, balki yurtimiz farovonligiga qo‘shilgan hissadir shiori bilan bir qarich yerimizga ham mahsulot ekishni tashkil etaylik. Keling, birgalikda harakat qilib, xalqimiz dasturxonini to‘kin, yurtimizni yanada farovon qilaylik! Bugun fermerlarimizning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ishlari e’tirof etilishi shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi Siz aziz fermerlarni o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishga undashiga ishonamiz.
Himmati baland dehqon va fermerlar!
Mamlakatimiz aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, xalqimiz dasturxoniga yetkazish, bozorlarimizda narx-navo oshib ketishining oldini olish eng asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz zarur. "hujjatni to'liq fayli docx-21.4kb"
Namangan tuman hokimligi
Axborot xizmati
