Oila — jamiyatning asosi, ma’naviyat va qadriyatlar beshigidir. Uni asrab-avaylash, xonadonlarda sog‘lom muhitni ta’minlash nafaqat shu oila a’zolarining, balki butun jamiyat va davlat idoralarining diqqat markazidagi muhim masaladir.
2026-06-18 16:20:00 / Yangiliklar

Oila — jamiyatning asosi, ma’naviyat va qadriyatlar beshigidir. Uni asrab-avaylash, xonadonlarda sog‘lom muhitni ta’minlash nafaqat shu oila a’zolarining, balki butun jamiyat va davlat idoralarining diqqat markazidagi muhim masaladir.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi tomonidan nikoh va oilaviy nizolar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda asosiy e’tibor, avvalo, oilalarni saqlab qolish, ularniya tinch-totuv va ahil-inoqligini ta’minlashga qaratilmoqda. Sud shunchaki ajrim haqida qaror chiqaruvchi idora emas, balki oilalarni asrovchi muhim bo‘g‘in sifatida ish olib bormoqda.
Ushbu ezgu maqsadning amaliy tasdig‘i sifatida nikohdan ajratish bilan bog‘liq birgina fuqarolik ishini misol tariqasida keltirib o‘tish o‘rinlidir.
Yaqinda da’vogar A.B. javobgar B.A.ga nisbatan nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat etgan edi. Ishni sudda ko‘rish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, taraflar 2021 yilda qonuniy nikohdan o‘tib, bir oila bo‘lib yashab kelishgan. Ularning birgalikdagi turmushlari davomida ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bor.
Da’vogar A.B. sudda bergan ko‘rsatmasida, oiladagi o‘zaro kelishmovchiliklar sababli 2026 yil yanvar oyidan buyon javobgar bilan birga yashamasliklarini, shu vaqtdan boshlab oilaviy munosabatlari butunlay tugaganligini ma’lum qilib, ularni nikohdan ajratishni so‘radi. O‘z navbatida, javobgar B.A. ham sud majlisida haqiqatan 2026 yil fevral oyidan buyon da’vogar bilan birga yashamayotganligini, oilaviy va er-xotinlik munosabatlari tugaganligi sababli nikohdan ajrashishga rozi ekanligini bildirib, suddan ularni qonuniy nikohdan ajratishni so‘radi.
Aslida, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyati yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratishi belgilab qo‘yilgan. Bir qarashda ikki tomon ham ajrimga rozi bo‘lgan va oilani saqlab qolishning imkoni yo‘qdek tuyulgan. Lekin ish sud jarayonida sinchkovlik bilan o‘rganilganda butunlay boshqacha tus oldi. Sudda aniqlanishicha, ushbu holatda er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar aslida o‘tkinchi bo‘lib, ularning nikohini bekor qilish uchun yetarli asoslar mavjud emas edi.
Shu bois, ishni sudda ko‘rish jarayonida sud tomonidan ishga mutaxassis sifatida Uchquduq tuman hokimligi oila va xotin-qizlar bo‘limi mutaxassisi hamda taraflar istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli jalb etildi. Ushbu mas’ullar tomonidan sud zalida taraflarga oila muqaddas dargoh ekanligi, har bir xonadonda ham o‘zaro kelishmovchiliklar bo‘lib turishi va bu vaziyatlar o‘tkinchi holat ekanligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Qolaversa, o‘rtada ikki nafar voyaga yetmagan farzand borligi, oilaning buzilishi ularning kelajagiga va ruhiyatiga juda og‘ir salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, er-xotin o‘zaro kelishib olishlari va mulohaza qilishlari uchun yana bir bor imkoniyat yaratish maqsadida sud tomonidan ishda qisqa tanaffus e’lon qilindi va taraflar holi xonada qoldirildi.
Qisqa tanaffusdan so‘ng sud majlisi davom ettirildi. Ma’lum bo‘lishicha, holi xonadagi muloqot va berilgan pand-nasihatlar o‘z samarasini berib, unga qadar taraflar o‘zaro kelishib, yarashib olgan edilar. Shu sababli da’vogar A.B. nikohdan ajratish haqidagi da’vo talabidan voz kechish to‘g‘risidagi arizasini sudga taqdim etdi.
Sud da’vogarning da’vo talabidan voz kechish haqidagi arizasini qabul qildi va fuqarolik ishi yuzasidan ish yurituvni tugatishni lozim topdi.
Natijada, jamiyatda nikohdan ajrashish yoqasiga kelib qolgan bitta bo‘lsa ham oilani saqlab qolishga, oiladagi ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning esa o‘z oilasi, o‘z ota-onalari bag‘rida ulg‘ayishi va butun oilada kamol topishiga erishildi.
Aytish mumkinki, sudning ushbu oqilona yondashuvi jamiyatda oila ustuvorligini ta’minlashning yorqin namunasidir.
Uchquduq tumanida ajrimlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni sog‘lomlashtirish va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga qaratilgan bu kabi amaliy harakatlar izchil davom ettirilmoqda.
Zero, har bir saqlab qolingan oila — jamiyatning bitta mustahkam va sog‘lom zanjiridir.
Meyrbek Berdibekov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi raisi.
Nafisa Najmiddinova, tuman hokimi o‘rinbosari, oila va va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
