Rasmiy munosabat
2026-01-06 15:35:00 / Yangiliklar

Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Bayram bahona, muammo esa e’tiborsiz” sarlavhali xabar Tomdi tumani hokimligi va tuman Ekologiya bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
O‘rganish natijasida Zarafshon shahar “Toza hudud” davlat muassasasi tomonidan maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish ishlari belgilangan talablar va muddatlarga to‘liq rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, maxsus chiqindi konteynerlarining uzoq muddat davomida to‘lib qolishi oqibatida maishiy chiqindilar tegishli bo‘lmagan hududlarga tashlangani, shuningdek, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagani aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Toza hudud” davlat muassasasi rahbari M.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasi birinchi qismiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Shu bilan bir qatorda, hududda to‘planib qolgan chiqindilar belgilangan tartibda olib chiqilib, maxsus chiqindi poligoniga joylashtirildi.
Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida mas’ul tashkilotlar ishtirokida tushuntirish va profilaktika ishlari olib borilib, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish hamda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.


