Korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kundagi dolzarb vazifa
2026-01-30 17:05:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.
Ta’kidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston yuqorida ta’kidlangan xalqaro normalardan 2008 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, shuningdek, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.
Farmon bilan, Agentlikka Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini ta’minlash, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi milliy indeks tuzishni tashkillashtirish yuklatildi.
Korrupsiyaga oid islohotlarni amalga oshirishda sud-huquq tizimi ham e’tibordan chetda qolmadi. Avvalo, 2017 yildan boshlab sudyalarni dastlabki besh yillik, keyingi o‘n yillik muddatga tayinlash tartibi va keyinchalik muddatsiz (umrbod) lavozimda bo‘lish muddati belgilandi. Sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyatini samaradorligini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi va Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi va budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Sud huquq tizimida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan yana bir muhim voqea O‘zbekiston oliy sudi yangi interaktiv veb-saytini ishga tushirilganligi bo‘ldi. Veb-saytga E-SUD elektron sud tizimi va hujjat almashish tizimi ulangan bo‘lib, bu fuqarolarga hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkonini beradi. Jinoiy ishlar bo‘yicha tergov va sud jarayonlarini osonlashtirish maqsadida 2018 yil sentyabr oyidan boshlab "onlayn translyatsiya" interaktiv xizmatining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, ushbu sohadagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, ushbu illatni ildizi bilan yo‘q qilish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni qaror toptirishda idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, davlat boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, videokuzatuv tizimlari, elektron hisob-kitob va almashinuv, idoralararo ma’lumotlar bazalarini keng joriy etish kabi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudining sudyasi A.A.Nasryiev
