Fidoyi o‘rta tibbiyot xodimlari, aziz va muhtarama hamshiralar!
2026-05-12 10:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Hamshiralik — shunchaki kasb emas. Bu, avvalo, inson taqdiriga daxldor bo‘lish, bemorning dardini o‘z dardidek his etish, og‘ir damlarda unga dalda va umid bera olish, mehr va e’tibor bilan ko‘maklashishdek ulug‘ fazilatlarni talab etadigan sharafli missiyadir.
O‘z ishiga mehr va sadoqat bilan yondashib, bemorlarga yordam qo‘lini cho‘zishga doimo shay turadigan hamshiralarimizning zahmatli va sharafli mehnatini har qancha e’tirof etsak, shuncha oz.
Bugun “o‘rta tibbiyot xodimi” deganda, avvalo, ko‘z oldimizda bemorlarni parvarish qiladigan, muolajalarni amalga oshiradigan mutaxassisgina emas, balki chuqur bilim va zamonaviy ko‘nikmalarga ega, yuksak mas’uliyatni zimmasiga olgan, shifokorning ishonchli hamkori va bemorning eng yaqin ko‘makchisi bo‘lgan fidoyi inson siymosi gavdalanadi.
Aziz va muhtarama hamshiralar!
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va transformatsiya jarayonlarida zamonaviy fikrlaydigan, keng dunyoqarashga ega, bilimli, malakali va tashabbuskor o‘rta tibbiyot xodimlarining yangi avlodini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu ezgu sa’y-harakatlar natijasida bugungi o‘zbek hamshirasi o‘zining kasbiy salohiyati, bilim va mahorati bilan tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida munosib o‘rin egallab bormoqda.
Bugun hamshira — birlamchi tibbiy yordamdan tortib, murakkab va yuqori texnologik tibbiy amaliyotlargacha bo‘lgan jarayonlarda shifokorning ishonchli o‘ng qo‘li, bemorning esa eng yaqin va mehribon ko‘makchisidir.
Eng muhimi, hamshiralarimiz bemor hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatni shifokorlar bilan yelkama-yelka turib baham ko‘rmoqda. Ularning hushyorligi, tezkor qarori, kasbiy mahorati va insoniy munosabati ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar natijasida hamshiralarning mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqi va ustamalarini oshirish, kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, malakasini muntazam oshirish va zamonaviy tibbiyot talablariga mos sharoitlar yaratishga keng yo‘l ochilmoqda.
Albatta, bu islohotlar hali davom etadi. Kelgusida ham o‘rta tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish, ularning bilim va malakasini oshirish, mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan yangi loyiha va dasturlar izchil amalga oshiriladi.
Zero, tibbiyotni xalqchil tizimga aylantirish, avvalo, inson salomatligini qadrlaydigan, bemorga mehr va e’tibor bilan xizmat qiladigan fidoyi tibbiyot xodimlariga bog‘liq.
Muhtarama hamshiralar!
Sizlarning har bir kuningiz inson salomatligi uchun mas’uliyat, mehr, sabr va fidoyilik bilan o‘tadi. Ba’zan bir og‘iz iliq so‘zingiz, birgina mehrli nigohingiz yoki bemor yonida o‘z vaqtida bo‘lishingiz unga katta umid va kuch bag‘ishlaydi.
Sizlar oq xalatni shunchaki kiyim sifatida emas, inson hayoti va salomatligi oldidagi ulkan mas’uliyat ramzi sifatida ko‘tarib yurasiz.
Shu bois sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, tun-u kun demay qilayotgan xizmatlaringiz, inson dardiga sherik bo‘lib, bemorlar hayotiga umid va shifo olib kirayotganingiz tahsinga loyiq.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, qalb hotirjamligi, kasbiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi marralar va doimo yuksak e’tirof tilayman.
Bemorlarga shifo ulashayotgan aziz qo‘llaringiz aslo dard ko‘rmasin!
Oq xalatlaringizga gard yuqmasin, qalbingizdan mehr va ezgulik hech qachon arimasin!
Har bir qilgan yaxshiligingiz, har bir bemorga ko‘rsatgan e’tiboringiz va har bir ezgu xizmatingiz o‘zingizga ming karra yaxshilik bo‘lib qaytsin.
Xonadonlaringizdan fayz-u baraka, qalbingizdan quvonch, yuzingizdan tabassum arimasin. Farzandlaringizning baxt-u kamolini, oilangiz va yaqinlaringizning rohatini ko‘rib, uzoq va mazmunli umr kechirish barchangizga nasib etsin!
El-yurt salomatligi yo‘lidagi sharafli va fidokorona xizmatlaringiz uchun tashakkur!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va muhtarama hamshiralar!
Doimo sog‘-omon bo‘ling, xalqimizning duosida va e’zozida yuring!
Xudayarov Asilbek Anvarovich,
Tibbiyot boshqarmasi boshlig‘i
