Toyloq tuman hokimi Behzod Raxmatullayev bayram tabrigi
2026-05-09 07:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum hurmatli nuroniylar, aziz yurtdoshlar, qadrli mehmonlar!
Barchangizni 9-may — Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun biz barchamiz uchun tabarruk sana — 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan to‘planganmiz. Bu kun — nafaqat tarixni yodga olish, balki ajdodlarimiz jasorati oldida bosh egish, ularning ruhini shod etish, ular qoldirgan bebaho merosni qadrlash va kelajak avlodga ibrat qilib yetkazish kunidir. Bu sana har bir oila, har bir xonadon, har bir yurtdoshimiz qalbida alohida o‘rin tutadi. Chunki 2-jahon urushining alamli izlari deyarli har bir xonadonga yetib borgan, har bir oila bu dahshatli sinovni o‘z boshidan kechirgan. Shuning uchun ham bu kun xotira, ehtirom va cheksiz minnatdorlik kuni sifatida xalqimiz ongida mustahkam o‘rin olgan.
Ikkinchi jahon urushi faqat qurollar to‘qnashuvi emas, balki inson irodasi, sabr-toqati, jasorati va vatanparvarlik tuyg‘usining eng katta sinovi bo‘ldi. Urush yillarida odamlar nafaqat dushmanga qarshi, balki ochlik, sovuq, qiyinchilik, sog‘inch va umidsizlikka qarshi ham kurashdilar. Yurtimizdan bir million to‘qqiz yuz ming nafar qahramonlarimiz frontga safarbar etilib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdilar. Ularning jasorati, matonati va fidoyiligi bugungi tinch hayotimizning poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Toyloq tumanimizdan 2596 nafar mard va matonatli ota-bobolarimiz ishtirok etib, haqiqiy jasorat va qahramonlikning eng yuksak namunasini ko‘rsatdilar.
Urush yillarida faqat frontdagilar emas, balki front ortida qolgan keksalar, ayollar va bolalar ham ulkan mashaqqatlarni boshdan kechirdilar. Ayollar erkaklar o‘rnida og‘ir mehnat qilib, dalalarda hamda zavod va fabrikalarda tun-u kun ishladilar. Keksalar bor kuchini yurt xizmatiga bag‘ishladilar. Bolalar erta ulg‘ayib, mehnatga jalb qilindi, oilasini qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Ular ochlikka, yetishmovchilikka, qiyinchiliklarga qaramay, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur vositalar bilan ta’minlab turishdi. Onalarning ko‘z yoshlari, bolalarning mehnati, xalqimizning sabr-toqati va matonati buyuk millatimizning birlashgan holdagi jasorati va fidoyiligining yorqin namunasidir.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarda qurolli mojarolar, ziddiyatlar, global qarama-qarshiliklar davom etmoqda. Ana shunday murakkab va tahlikali davrda tinchlikning qadri yanada ortadi, barqarorlik va osoyishtalik eng katta boylikka aylanadi. Biz bugungi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylashimiz, farzandlarimizni Vatanga sadoqat, yurtparvarlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashimiz har qachongidan ham muhimdir. Chunki tinchlik — bu shunchaki holat emas, balki katta mehnat, kuchli iroda va doimiy e’tibor talab qiladigan ne’matdir.
Shu ma’noda, tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda “Yoshlar istirohat bog‘i” o‘rnida tashkil etilgan “Vatanparvar bog‘i” yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qilayotgan muhim maskanga aylanadi. Bu yerda yoshlar ajdodlar jasorati bilan tanishadi, tarixni o‘rganadi, milliy qadriyatlarni anglaydi va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalanadi. Ushbu bog‘da barpo etilgan “Baxtiyor ona” haykali esa urush yillarida farzandlarini Vatan yo‘lida yo‘qotgan onalarimiz sabr-toqati, matonati va cheksiz mehrining ramzi sifatida har bir inson qalbiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, tumanimizdan Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira kitobi” tashkil etildi. Bu kitob — faqatgina ma’lumotlar to‘plami emas, balki tarixiy hujjat, ma’naviy meros va kelajak avlod uchun buyuk saboqdir. U orqali yoshlarimiz o‘z ajdodlarining qanday jasorat ko‘rsatganini bilib, ulardan ibrat oladi, o‘zlarini buyuk millatning avlodi ekanligidan faxrlanadi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Xotira — bu muqaddas. U insonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi.”, “Biz har doim tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylashimiz, bu ne’matning qadriga yetishimiz shart.”
Qadrli vatandoshlar!
Bugun biz qahramon ajdodlarimizni xotirlab, ularning ruhi oldida bosh egamiz. Ular ko‘rsatgan jasorat va fidoyilik — biz uchun abadiy ibrat maktabidir. Biz esa ularning orzularini ro‘yobga chiqarish, tinch va farovon yurtni yanada rivojlantirish, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishimiz kerak. Ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalash, ularni bilimli, vatanparvar va fidoiy insonlar qilib voyaga yetkazish — barchamizning eng ustuvor vazifamizdir.
Qahramonlarimiz xotirasi abadiy bo‘lsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, elimiz hayoti yanada farovon bo‘lsin, bag‘rikeng xalqimiz va barqaror tadaqqiyotimizga ko‘z tegmasin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
