“Baxtiyor ona” – tinchlik va vatanparvarlik timsoli
2026-05-08 11:20:00 / Yangiliklar

Bog‘ hududidagi ma’nan eskirib qolgan eski hovuz o‘rnida esa yangi yashil hudud barpo etilib, unda “Baxtiyor ona” haykali o‘rnatildi.
Mazkur maskan bugungi tinch va osoyishta hayot, xalqimizning baxt-saodati hamda yurt ravnaqini tarannum etuvchi muhim ma’naviy maskanga aylandi. Ilgari tuman markazida olisda mavjud bo‘lgan “Motamsaro ona” haykali ta'mirtalab holatga kelganligi inobatga olinib tuman markazidagi ushbu bog‘ qisqa muddat ichida qayta tamirlanib “Baxtiyor ona” timsolining yaratilgani ham bugungi farovon va tinch hayotning ramzi sifatida keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Marosim avvalida tuman hokimi Behzod Raxmatullayev so‘zga chiqib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik eng ulug‘ ne’mat ekanini, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish har bir insonning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari inson qadri va xalq manfaatlariga xizmat qilayotganini qayd etdi.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev ham yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, yangi bunyod etilgan bog‘ va haykal yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.
Tadbirda viloyatning tegishli tashkilotlari vakillari, jamoatchilik faollari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi raisi Suxrob Rafikov, Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi raisi Sh. Negmatov, viloyat kengashi kotibiyati mudiri S. Usmonov, faxriylar, Afg‘on urushi veteranlari, ta’lim sohasi fidoyilari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida “Baxtiyor ona” haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbir davomida urush va mehnat faxriylari xotirasi yod etilib, bugungi tinch hayot uchun shukronalik tuyg‘ulari izhor qilindi. Yangicha qiyofa kasb etgan “Vatanparvar” bog‘i” esa endilikda aholi, ayniqsa yoshlar uchun ma’naviy hordiq chiqarish va vatanparvarlik ruhini mustahkamlovchi maskan bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.









