Qo‘shchinor mahallasi yangi qiyofa kasb etmoqda
2026-05-08 10:10:00 / Yangiliklar

Xususan, mahallaning kirish qismida homiylik mablag‘lari hisobidan zamonaviy darvoza bunyod etilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, nuroniylar, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mahallada amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar va obod maskanlar yurtdoshlar kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, mahalla darvozasining qurilishida faol ishtirok etgan homiylar va tashabbuskor fuqarolar munosib taqdirlanib, ularga minnatdorlik bildirildi. Ta’kidlanganidek, bunday bunyodkorlik ishlari mahalla ahlining birdamligi va hamjihatligi samarasidir.
Tadbir davomida mahallada ish boshlagan yangi loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, tadbirkor Umed Qurbonov tomonidan xususiy tibbiyot xizmati hamda non mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, ushbu loyiha doirasida 9 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur tashabbus nafaqat aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, balki bandlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor Shaxboz Abdullayev tomonidan sartaroshlik va parda tikish yo‘nalishidagi loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha orqali yana 5 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalla aholisiga qo‘shimcha qulayliklar yaratildi.
Qo‘shchinor mahallasida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik va tadbirkorlik ishlari hududning yanada obod bo‘lishi, aholi farovonligini oshirish hamda yoshlarni mehnatga jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.









