Markazda tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-04-15 16:40:00 / Yangiliklar

Mazkur yig‘ilishda tuman hokimi Behzod Raxmatullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i J. Nurmanov, viloyat prokuraturasi vakillari hamda markaz murabbiylari va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda markazda tahsil olayotgan yosh sportchilarning kutilgan natijalarga erisha olmayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga qaramay, ayrim murabbiylar tomonidan o‘z vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashilayotgani keskin tanqid qilindi.
Tadbir davomida har bir sport turi kesimida batafsil tahlil o‘tkazildi. Natijada, oxirgi uch yil davomida yuqori natijalarga erisha olmagan murabbiylarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa kelgusida murabbiylar faoliyatida mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda sportchi yoshlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklatildi. Ularga yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, mashg‘ulotlarga jiddiy yondashish hamda yuqori natijalarga erishish vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, natija ko‘rsatmayotgan sportchilarni saralash va ularning o‘rniga istiqbolli yoshlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni intizom va mas’uliyat ruhida tarbiyalash, har bir mashg‘ulotga jiddiy yondashish kabi muhim vazifalar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida sport sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murabbiy va sportchilar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.









